Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlar reytingi natijalarini e’lon qildi

Iqtisodiyot 20:48 / 11.06.2024 5596

O‘zbekiston respublikasi Savdo-sanoat palatasi ma’lum qilishicha, mazkur reyting joriy etilgandan so‘ng tadbirkorlar sonida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

“Mazkur tartib joriy qilingunga qadar reytingning yuqori "AAA", "AA" va "A" ko‘rsatkichlariga mansub tadbirkorlar soni 727 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 4 398 nafarga yetgan. O‘rta "BBB", "BB" va "B" reytingiga ega tadbirkorlar soni esa 36 853 dan 87 922 taga oshgan. 

Joriy etilgandan keyin, "AAA" reytingidagi tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘idan bo‘lgan ortiqcha mablag‘lar 213,5 milliard so‘mni tashkil etdi va bu mablag‘lar tekshiruvlarsiz bir kun ichida qaytarib berildi”, deyiladi palata xabarida. 

Reytingning qo‘shimcha rag‘batlaridan foydalangan holda, tadbirkorlar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratilishi natijasida rasmiy band bo‘lgan fuqarolar soni 5 351 mingdan 5 586 ming nafarga yetdi. 

Sanoat, qurilish va savdo sohalarida ishchi xizmatchilarning o‘rtacha ish haqi miqdori ham keskin oshgan. Masalan, sanoat sohasida ish haqi 1,5 barobar, qurilishda 1,3 barobar va savdoda 1,4 barobar oshgan. Tadbirkorlar uchun maslahat berish va ularning muammolarini bartaraf etish maqsadida Savdo-sanoat palatasi tun-u kun ishlovchi CALL-markazi doimiy faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: