Polshadagi qurol zavodida portlash va yong‘in: bir kishi halok bo‘ldi

Jahon 08:48 / 11.06.2024 2833

Polsha janubida kuchli portlash sodir bo‘ldi hamda Mesko qurol va o‘q-dorilar zavodida yong‘in boshlandi. Oqibatda Varshavadan 125 km janubda joylashgan Sventokshisk voyevodligidagi Skarjisko-Kamenna shahrida 59 yoshli ishchi halok bo‘ldi, dedi politsiya vakili 10 iyun, dushanba kuni TVN24 telekanalida.

Yong‘in o‘chirildi, hodisa sabablari o‘rganilmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, portlash bir necha yil avval ochilgan raketa yonilg‘isi markazida sodir bo‘lgan. Zavod direktori Eljbeta Shrenyavskayaning so‘zlariga ko‘ra, portlash vaqtida binoda uch kishi bo‘lgan. Ulardan biri mustaqil ravishda chiqib kelgan, qolgan ikkisi jarohat olgan, ulardan biri hayotdan ko‘z yumgan, deyiladi xabarda.

Mesko kompaniyasi, boshqa narsalar qatorida, tankka qarshi boshqariladigan qurollar va qisqa masofali ko‘chma zenit-raketa tizimlarini ishlab chiqaradi, deya eslatgan dpa.

Polsha xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda 

May oyi oxirida Polsha bosh vaziri Donald Tusk Moskva buyrug‘i bilan Polsha hududida qo‘poruvchilik tayyorlashda gumon qilingan 12 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. U, shuningdek, Rossiya maxsus xizmatlari may oyi boshida Varshava shimoli-sharqidagi savdo markazida sodir bo‘lgan yirik yong‘inga «qandaydir tarzda aloqador bo‘lishi» mumkinligini aytdi. O‘shanda yong‘in 1400 ta savdo shoxobchasini yo‘q qilgan. 

Shundan so‘ng, Polsha Tashqi ishlar vazirligi «Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va Polshaga qarshi gibrid urushdagi ishtiroki» tufayli rossiyalik diplomatlarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishini chekladi. Bundan tashqari, Polsha rasmiylari Rossiya tomonidan ehtimoliy qo‘poruvchilikdan tashvishlanib, Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishning asosiy tranzit markazi bo‘lgan Jyeshuv-Yasyonka aeroporti atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. 

Amerikaning The New York Times gazetasi 26 may kuni Yevropada AQSh va uning ittifoqchilari razvedka xizmatlari vakillari Rossiya bilan bog‘lagan qo‘poruvchilik operatsiyalari soni ortib borayotgani haqida yozdi. G‘arb razvedka idoralariga ko‘ra, bu amaliyotlar Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga putur yetkazishga qaratilgan Rossiya kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Asosan, nashrga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari turli obektlarga o‘t qo‘yishgan. Ular orasida Angliyadagi omborxona, Polshadagi bo‘yoq zavodi, Latviyadagi uylar va Litvadagi IKEA mebel do‘koni bor. Ammo Rossiya Federatsiyasi foydasiga ishlaganlikda gumon qilinganlar Amerika harbiy bazalariga hujum qilishni ham rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Avvalroq Financial Times ham Rossiya Yevropada diversiyalar rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. Iyun oyi boshida G‘arb Rossiyaning Yevropadagi qo‘poruvchilik harakatlariga javob tayyorlayotgani xabar qilingan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: