Shimoliy Koreya askarlari ikki Koreya chegarasini qisqa muddatga kesib o‘tganidan so‘ng Janubiy Koreya harbiylari ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Bu haqda 11 iyun, seshanba kuni ertalab Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi (ShBBQ) ma’lumotlariga tayanib, Janubiy Koreyaning «Ryonxap» axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya askarlari guruhi 9 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30 lar atrofida chegaraning markaziy qismida ikki Koreyani ajratuvchi demilitarizatsiya zonasi doirasidagi demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tgan.
Ovoz kuchaytirgichlardan ogohlantirish va ogohlantiruvchi o‘qlardan so‘ng Shimoliy Koreya harbiylari chegaraning o‘z tomoniga qaytdi. Shundan so‘ng, ShBBQ ma’lumotiga ko‘ra, «g‘ayrioddiy faoliyat boshqa» kuzatilmagan.
Ikki Koreya chegarasidagi ovoz kuchaytirgichlar KXDR propagandasiga qarshi kurash vositasi sifatida
Janubiy Koreya 9 iyun kuni Shimoliy Koreya bilan chegarada o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali eshittirishlar uzatishni qayta boshladi, deb xabar berdi Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati. KXDRning chegaradosh hududlari aholisi Shimoliy Koreya senzurasi nazorati ostida bo‘lmagan yangiliklar va boshqa eshittirishlarni eshitishlari mumkin bo‘ladi.
Seul rasmiylari bu qarorni Shimoliy Koreyaning davom etayotgan «chiqindi hujumlari»ga javob deb atadi. May oyining oxiridan beri Shimoliy Koreya Janubiy Koreya tomon 1000 dan ortiq sharlarni uchirdi, ularga hojatxona qog‘ozi, plastik butilkalar, batareykalar, poyabzal qismlari va go‘ng to‘ldirilgan chiqindi qoplari bog‘lab qo‘yilgan.
Pxenyan, o‘z navbatida, bunday havo sharlari uchirilishi Janubiy Koreyaning avvalgi harakatlariga javob ekanligini, u ham KXDRga Kim Chen In rejimiga qarshi kurashishga chaqiruvchi varaqalar, dollar banknotalari va KXDRda taqiqlangan Janubiy Koreya filmlari hamda pop-musiqasi yozilgan fleshkalar bo‘lgan havo sharlari uchirganini bildirdi.