G‘azoda otashkesim haqida rezolyutsiya, rossiyalik shaxmatchilarga sanksiya, Meksikadan kirayotgan noqonuniy migrantlarga taqiq - kun dayjesti

Jahon 13:22 / 11.06.2024 3690

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

BMTning G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyasi

BMT Xavfsizlik Kengashi AQShning G‘azoda otashkesim bo‘yicha rezolyutsiyasini qabul qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSh prezidenti Jo Baydenning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovda ushlab turilganlarni ozod qilish to‘g‘risidagi taklifiga ko‘nishga qaratilgan rezolyutsiya loyihasini yoqlab ovoz berdi. Rezolyutsiyani 14 ta mamlakat yoqlab ovoz bergan, Rossiya ovoz berishdan o‘zini tiygan, veto qo‘ymagan.

Reja uch bosqichdan iborat. Uning birinchi bosqichida o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish, Isroilda hisbda ushlab turilgan falastinliklar evaziga HAMAS jangchilari tomonidan garovda ushlab turilganlardan tiriklarni ozod qilish, o‘lganlarining jasadlarini berish nazarda tutilgan, deb yozadi BBC News. Ikkinchi bosqichda esa Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektorini to‘liq tark etishlari, shuningdek «jangovar harakatlarni doimiy asosda to‘xtatish» ko‘zlangan.

Uchinchi bosqichda AQSh va xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi bilan mintaqani keng ko‘lamli qayta tiklash rejasi boshlab beriladi.

Rezolyutsiya qabul qilingach, AQShning BMT qoshidagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild so‘zga chiqib, Xavfsizlik Kengashining qarorini olqishladi va «bugun dunyo tinchlik uchun ovoz bergani»ni ta’kidlab o‘tdi.

Rezolyutsiyada qayd etilishicha, Isroil AQSh tomonidan ilgari surilgan rejaga rozi bo‘lgan. Unda HAMASni ham ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlash so‘ralgan.

«Har ikki tomon shartlarni kechiktirmasdan va so‘zsiz bajarishiga qat’iy chaqiriladi», — deya rezolyutsiyadan iqtibos keltirgan Reuters.

BMT Xavfsizlik Kengashining qarori qabul qilinganidan ko‘p o‘tmasdan HAMAS rezolyutsiyaning ma’qullanishini olqishlashini e’lon qildi. Guruh o‘t ochishni to‘xtatish rejasini bajarishga kirishishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda, deya qayd etgan The Guardian. Nashrga ko‘ra, garchi rezolyutsiya Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangani qayd etilgan bo‘lsa-da, Isroil bosh vaziri avvalroq bu borada tanqidiy chiqishlar qilgan edi. Xususan, u HAMASning harbiy salohiyati to‘liq yo‘q qilinmagunga qadar uzoq muddatli otashkesim to‘g‘risidagi har qanday qaror istiqbolsiz, deb atagan edi.

Ukrainadagi urush

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi tunda anneksiya qilingan Qrimda Rossiyaning biryo‘la uchta havo hujumidan mudofaa divizioni — ikkita S400 va bitta S-300ni yo‘q qilganini ta’kidladi. Astra telegram kanaliga ko‘ra, gap ikkita S-300 kompleksi va to‘rtta radar haqida bormoqda. Nashrga ko‘ra, Qrimga kamida 10 ta ATACMS raketalari bilan hujum qilingan.

Hozircha Amerika raketalari bilan zarba berilgani va yo‘q qilish natijalari fakti tasdiqlanmagan. Zarba berilgan joylardan yoki dronlardan videoyozuvlar tarqalmagan.

Rossiyaning zenit-raketa komplekslari ukrainalik harbiylarning eng muhim nishonlaridan biri bo‘lib turibdi. Amerikaning 300 km olislikka ucha oladigan ATACMS raketalari paydo bo‘lgach, ularga qarata berilayotgan zarbalar samaradorligi oshdi. Gap shundaki, ATACMS samolyotlar yoki qanotli raketalarga nisbatan tutib olish qiyin bo‘lgan ballistik raketalar hisoblanadi. Ukrainlar ham Rossiyaning «Iskander» ballistik raketalarini tutishda shunday qiynalishadi.

Zenit-raketa komplekslari joylashgan o‘rinni aniqlash boshqa obektlarga nisbatan osonroq, chunki bu yerda vaqti-vaqti bilan radarlar ishga tushiriladi. Qora dengiz uzra va Ruminiya osmonida NATO davlatlarining razvedkachi samolyotlari muntazam parvoz qilib turadi. Ular Ukraina bilan axborot bo‘lishishadi, ular orasida havo hujumidan mudofa tizimi radarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bo‘lishi mumkin. Garchi samolyotlar uchayotgan nuqtadan Qrimgacha uzoq bo‘lsa ham, yerda yoqilgan radar shuncha olislikdan ham ularga ko‘rinadi.

Zenit raketa komplekslari ballistik raketalarga qarshi kurashishi qiyinroq, ular qanotli raketalar va samolyotlarga qarshi kurashishda samarali. Ukraina Qrimda Storm Shadow va Scalp qanotli raketalarini qo‘llamoqda, shuningdek yaqin oylarda g‘arb qiruvchi samolyotlarini qabul qilib oladi. Shu sababli Ukraina uchun Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi zichligini pasaytirish muhim hisoblanadi.

Tayvan mojarosi

Amerika minglab pilotsiz boshqariladigan kemalarni Tayvan atrofiga joylashtirib, orolni Xitoyning ehtimolli harbiy operatsiyasidan himoya qilmoqchi. Bu haqda AQSh Hind-Tinch okeani qo‘mondonligining rahbari Samuel Paparo ta’kidlab o‘tgan.

«Men Tayvan bo‘g‘ozini bir qator maxfiy imkoniyatlarimizdan foydalanib, pilotsiz boshqariladigan kemalardan iborat do‘zaxga aylantirmoqchiman», — degan Paparo.

Uning qayd etishicha, bu vaziyat Xitoy floti orol tomon yo‘l olib, 100 milyali zonani kesib o‘tsa paydo qilinadi. Paparo minglab pilotsiz boshqariladigan suvusti va suvosti kemalari yordamida Xitoy armiyasining niyatlarini murakkablashtira olishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu boshqa narsalar uchun vaqt ajratilishiga olib keladi».

Paparoning qayd etishicha, rasmiy Pekin Tayvanga qarshi u yoki bu faol harakatlarni 2027 yilda boshlaydi. «Aynan 2027 yilgacha AQSh javob qaytarishga tayyor bo‘lishi kerak», — degan u.

Rossiyaga qarshi sport sanksiyalari

Ukrainaning shikoyati bilan Rossiya Xalqaro shaxmat federatsiyasidan chetlatildi. FIDE Rossiya shaxmat federatsiyasini ikki yilga tashkilotdan chetlatdi. Qaror etika bo‘yicha komissiya tomonidan chiqarilgan. Unga ko‘ra, Rossiya shaxmat federatsiyasi Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlari — Qrim avtonom respublikasi, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridagi shaxmat klublarini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan va u yerlarda musobaqalar tashkillashtirgan, shuningdek «siyosiy neftralitet»ga amal qilmagan.

Bundan tashqari, komissiya FIDE rahbari Arkadiy Dvorkovichni federatsiyaning etika va intizom kodeksini buzganlikda ayblab, unga hayfsan bergan. Bunga sabab Dvorkovichning Rossiya shaxmat federatsiyasi vasiylik kengashiga a’zoligi bo‘lgan. Undan tashqari bu yerda g‘arb sanksiyasiga duchor bo‘lgan shaxslardan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu, Moskva meri Sergey Sobyanin, milliarderlar Gennadiy Timchenko va Mixail Fridman bor. Kengashni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov boshqaradi.

Kremldagilar FIDE'ning bu qarorini adolatsiz, deb atagan. Peskov Rossiya o‘z manfaatlarini himoya qilishini aytgan. Bu qandaydir tushunmovchilik tufayli yuz berganini ta’kidlab, masala tez orada hal bo‘lishiga umid bildirgan.

Etika komissiyasiga shikoyatni jahonning 16-chempioni Magnus Karlsenning murabbiyi Peter Heyne Nilsen, Ukraina shaxmat federatsiyasi va urkainalik grossmeyster Andriy Barishpolets yozishgan. Ular FIDE'ni «Kreml hamda rossiyalik jinoyatchilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmatkori» Arkadiy Dvorkovich boshqarayotganidan norozilik bildirishgan. Ularga ko‘ra, toki Ukrainada urush borar ekan, rossiyalik va belaruslik shaxmatchilarga har qanday statusda musobaqalarda ishtirok etishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha Rossiya milliy jamoasi ham 2026 yilda AQSh, Kanada va Meksikada o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash uchrashuvlarida ishtirok etishdan chetlatildi.

AQShdagi noqonuniy migrantlar

AQSh hukumati Meksika chegarasida ushlangan Rossiya va sobiq ittifoqning besh respublikasidan borgan nolegal migrantlarni darhol mamlakatdan chiqarib yuborishni boshlaydi. Bu haqda The New York Post gazetasi yozmoqda.

Gazeta ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kaliforniyadagi chegara xizmatlari xodimlari yuzdan ortiq davlatlardan kelgan nolegal migrantlarni mamlakatga moneliksiz kiritish to‘g‘risida buyruq olishgan. Biroq, bu Rossiya, O‘zbekiston va boshqa ayrim sobiq ittifoq davlatlari fuqarolariga taalluqli emas.

Istisno Rossiya, O‘zbekiston, Gurjiston, Moldova, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan migrantlarga nisbatan qo‘llanadi. Bu mamlakat fuqarolari chegarani noqonuniy kesib o‘tish jarayonida zudlik bilan deportatsiya qilinadi. Biroq, AQSh hukumati yosh bolalar, o‘g‘irlab ketish qurbonlari bo‘lganlar, shuningdek tahdid ostida qolganlar va tibbiy yordamga muhtoj insonlarni kiritadi.

Buyruq Meksikaning Tixuana shahri hamda Kaliforniya shtatidagi San Diyego okrugi ma’muriy markazi yaqinidagi chegara uchun taalluqli. Bu manzil ayni paytda chegarani noqonuniy kesib o‘tishda eng zich hudud hisoblanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: