Rossiya samolyoti Finlandiya havo hududini buzganlikda gumon qilinmoqda, deb xabar qildi 10 iyun, dushanba kuni kechqurun NATOga yaqinda qo‘shilgan mamlakat Mudofaa vazirligi. Shu kuni biroz vaqt o‘tgach, Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida Rossiyaning Helsinkidagi elchixonasi bilan bog‘langani va voqea bo‘yicha tushuntirish talab qilgani haqida xabar berdi.
Finlandiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiy samolyotining mamlakat havo hududiga ehtimoliy kirishi 10 iyun kuni ertalab Finlandiya ko‘rfazi osmonida, Loviysa shahri yaqinida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya harbiy samolyoti Finlandiya hududiga taxminan 2 daqiqa davomida uchib kirib, Finlandiya ko‘rfazining sharqiy qismida chegarani 2,5 kilometrga buzgan. Xabarda samolyot turi ko‘rsatilmagan.
«Biz chegara buzilishi haqidagi ma’lumotni jiddiy qabul qilamiz va darhol tergov boshladik», dedi Finlandiya mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen.
Boltiq dengizi uzra Rossiya samolyotlarining rejali parvozlari
O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi 10 iyun kuni tushdan keyin Boltiqbo‘yi, Barens va Norvegiya dengizlarining neytral suvlari ustidagi havo kengliklarida uzoq masofaga uchuvchi samolyotlar rejalashtirilgan parvozlari haqida xabar berdi. «Tadbirda Tu-95ms strategik raketa tashuvchilari, shuningdek, Tu-22m3 uzoq masofaga uchuvchi bombardimonchi samolyotlar ishtirok etdi», — deyiladi idora xabarida.
«Marshrutning ma’lum bosqichlarida uzoq masofali bombardimonchilarga xorijiy davlatlar qiruvchi samolyotlari hamrohlik qilgan», deyiladi xabarda. Rossiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, «Rossiya Aerokosmik kuchlari samolyotlari barcha parvozlari havo hududidan foydalanish bo‘yicha xalqaro qoidalarga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi».
Fin tomoniga ko‘ra, Rossiya harbiy samolyotlari tomonidan Finlandiya chegarasini buzishning oxirgi tasdiqlangan holati 2022 yil avgustida qayd etilgan.