Rezolyutsiyani yoqlab 14 ta mamlakat ovoz bergan. Rossiya ovoz berishdan o‘zini tiygan, veto qo‘ymagan.
Reja uch bosqichdan iborat. Uning birinchi bosqichida o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish, Isroilda hisbda ushlab turilgan falastinliklar evaziga HAMAS jangchilari tomonidan garovda ushlab turilganlardan tiriklarni ozod qilish, o‘lganlarining jasadlarini berish nazarda tutilgan, deb yozadi BBC News. Ikkinchi bosqichda esa Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektorini to‘liq tark etishlari, shuningdek “jangovar harakatlarning doimiy asosda to‘xtatish” ko‘zlangan.
Uchinchi bosqichda AQSh va xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi bilan mintaqani keng ko‘lamli qayta tiklash rejasi boshlab beriladi.
Rezolyutsiya qabul qilingach, AQShning BMT qoshidagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild so‘zga chiqib, Xavfsizlik Kengashining qarorini olqishladi va “bugun dunyo tinchlik uchun ovoz bergani”ni ta’kidlab o‘tdi.
Rezolyutsiyada qayd etilishicha, Isroil AQSh tomonidan ilgari surilgan rejaga rozi bo‘lgan. Unda HAMASni ham ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlash so‘ralgan.
«Har ikki tomon shartlarni kechiktirmasdan va so‘zsiz bajarishiga qat’iy chaqiriladi», — deya rezolyutsiyadan iqtibos keltirgan Reuters.
BMT Xavfsizlik Kengashining qarori qabul qilinganidan ko‘p o‘tmasdan HAMAS rezolyutsiyaning ma’qullanishini olqishlashini e’lon qildi. Guruh o‘t ochishni to‘xtatish rejasini bajarishga kirishishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda, deya qayd etgan The Guardian. Nashrga ko‘ra, garchi rezolyutsiya Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangani qayd etilgan bo‘lsa-da, Isroil bosh vaziri avvalroq bu borada tanqidiy chiqishlar qilgan edi. Xususan, u HAMASning harbiy salohiyati to‘liq yo‘q qilinmagunga qadar uzoq muddatli otashkesim to‘g‘risidagi har qanday qaror istiqbolsiz, deb atagan edi.