Iyun oyi o‘rtalarida Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitiga 90 mamlakat va tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda 10 iyun, dushanba kuni Berndagi hukumat ma’lum qildi.
Shveytsariya prezidenti Viola Amherdning aniqlik kiritishicha, anjumanda qatnashishini rasman tasdiqlagan 80 ta delegatsiya dunyoning barcha mintaqalaridagi davlatlar va 10 ta turli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT vakillaridan iborat. Avvalroq Ukraina prezidenti devoni 107 davlat vakillari Shveytsariya sammitida ishtirok etishini tasdiqlagani haqida xabar bergan edi.
«Sammitda ishtirok etadigan barcha davlatlar Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlikka erishish bo‘yicha o‘z g‘oyalari va qarashlarini bildirishlari kerak», - deya ta’kidladi Shveytsariya TIV. Mamlakat prezidenti ushbu uchrashuvni barqaror tinchlik sari birinchi qadam sifatida baholadi.
Rossiya taklif qilinmadi, ammo sammitdan maqsad - kelajakda tinchlik muzokaralari uchun sharoit yaratish
Rossiya yig‘ilishga taklif qilinmadi, ammo Shveytsariya hukumati ta’kidlaganidek, konferensiyaning maqsadi «birgalikda yo‘l xaritasini ishlab chiqish» bo‘lib, u Rossiya va Ukrainani tinchlik jarayoniga yanada jalb qilish imkonini beradi.
Rossiyaning sammitga kelmasligi Xitoy kabi Moskvaning nufuzli ittifoqchilari konferensiyadan voz kechishiga turtki bo‘ldi. Bu muzokaralarda katta yutuqlarga erishish umidlarini pasaytiradi.
Shu bilan birga, Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Ignatsio Kassisning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi, navigatsiya erkinligi, shuningdek, gumanitar, jumladan, harbiy asirlar bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinadi.
Ishtirokchilar orasida - Harris, Makron va Shols
Ukraina bo‘yicha global tinchlik sammiti 15-16 iyun kunlari Lyutsern shahri yaqinidagi Byurgenshtok tog‘li kurortida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ishtirokchilari orasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris, Germaniya kansleri Olaf Shols va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida bor.