Toshkentda kabel yonishi qator davlat xizmatlarini ko‘rsatishda uzilishlarni yuzaga keltirdi

O‘zbekiston 12:04 / 10.06.2024 12707

O‘zbekiston adliya vazirligi rasmiysi Sevara O‘rinboyeva Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan Ichki ishlar vazirligi binosi yonidan o‘tgan yerosti kabellaridagi yong‘in sababli Davlat xizmatlarida pasport va manzil bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda uzilishlar bo‘layotganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar IIBB «10 iyun kunidan «Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi»da texnik profilaktik ishlar olib borilayotgani sababli Toshkent shahar IIBB YHXB «Ma’muriy amaliyot» va «Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimida yuzaga kelayotgan uzilishlar» to‘g‘risida xabar qilgan.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB MvaFRBning quyidagi tizimlarida uzilishlar kuzatilmoqda: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga hamda O‘zbekiston Respublikasida doim yashovchi chet el fuqarolariga identifikatsiya ID-karta berish; fuqarolarni hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolarini doim yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish; vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash manzili hamda vaqtincha turgan manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish.

«Hududiy elektr tarmoqlari» matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, 35/10/6 kV.li «O‘zbekiston» nimstansiyasidan chiquvchi kabel tarmog‘i shikastlangan. 

«Vujudga kelgan holat bartaraf etilgunga qadar iste’molchilar to‘liq boshqa tarmoqqa o‘tkazilgan bo‘lib, ayni paytda Yakkasaroy tumanining Konstitutsiya va Yunus Rajabiy mahallalari hamda Mirobod tumanining Abdulla Avloniy va At-Termiziy mahallalaridagi aholi iste’molchilari elektr energiyasidan uzilgan», deyiladi xabarda.

Bundan oldinroq Toshkent shahri markazida yong‘in ro‘y berishi oqibatida qator ko‘chalarda svetoforlar ishlamay qolgani ma’lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: