Ukraina harbiy samolyoti birinchi marta Rossiya hududida joylashgan nishonga zarba berdi. Bu haqda 9 iyun, yakshanba kuni Britaniyaning Sky News telekanali ukrainalik harbiy manbaga tayanib xabar tarqatdi.
Telekanal suhbatdoshiga ko‘ra, Belgorod hududidagi «Rossiya qo‘mondonlik markazi» zarbaga uchragan. Ushbu hujumda qanday turdagi o‘q-dorilar qo‘llangani va G‘arb qurollaridan foydalanilgani masalasi hozircha oshkor etilmadi.
Rossiyada qanday nishon mo‘ljalga olindi?
«Ukraina Havo kuchlari missiyasi Belgoroddagi Rossiya qo‘mondonlik markaziga zarba berdi, - deb xabar qildi Britaniya telekanali. - Zarar hali baholanmoqda, bu Ukraina Havo kuchlari tomonidan Rossiya hududidagi nishonga qarshi otilgan birinchi o‘q-doridir».
Fransiya va AQSh Ukrainaning Rossiyaga zarbalari haqida
Avvalroq AQSh va Fransiya Kiyevga ushbu davlatlar Ukrainaga taqdim etgan qurollardan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llash, xususan, Ukrainaga hujumlar amalga oshirilayotgan Rossiya harbiy bazalarini «zararsizlantirish» uchun foydalanishga ruxsat bergan edi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Xarkiv shahrini himoya qilish uchun AQSh tomonidan taqdim etilgan qurollardan foydalanishni ma’qulladi. «Lord (Devid) Kemeron - Britaniya tashqi ishlar vaziri - aniq fikr bildirmadi, faqat Britaniya qurollaridan qanday foydalanishni hal qilish huquqi ukrainlarda qolishini aytib o‘tdi. Bu, jumladan, Ukraina qiruvchilaridan uchirilishi mumkin bo‘lgan Storm Shadow qanotli raketalariga ham tegishli», deb eslatadi Sky News.
9 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Telegram’da Belgorod viloyati osmonida jami beshta uchuvchisiz uchish apparati va bitta «Neptun-MD» raketasi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingani haqida xabar berdi.
O‘z navbatida, Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov Telegram’da 9 iyun kuni Borisov tumanida uchuvchisiz uchoq hujumi oqibatida uch nafar rossiyalik harbiy yaralanganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Gladkov kun davomida bir necha marta Belgorod va mintaqaning boshqa aholi punktlariga raketa tahdidi haqida xabar bergan.