Janubiy Koreya 9 iyun, yakshanba kuni Shimoliy Koreya bilan chegarada o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali eshittirishlar uzatishni qayta boshladi, deb xabar berdi Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati. KXDRning chegaradosh hududlari aholisi Shimoliy Koreya senzurasi nazorati ostida bo‘lmagan yangiliklar va boshqa eshittirishlarni eshitishlari mumkin bo‘ladi.
Seul rasmiylari bu qarorni Shimoliy Koreyaning davom etayotgan «chiqindi hujumlari»ga javob deb atadi. May oyining oxiridan beri Shimoliy Koreya Janubiy Koreya tomon 1000 dan ortiq sharlarni uchirdi, ularga hojatxona qog‘ozi, plastik butilkalar, batareykalar, poyabzal qismlari va go‘ng to‘ldirilgan chiqindi qoplari bog‘lab qo‘yilgan.
KXDR aholisi uchun varaqa va dollarlar
Pxenyan, o‘z navbatida, bunday havo sharlari uchirilishi Janubiy Koreyaning avvalgi harakatlariga javob ekanligini, u ham KXDRga Kim Chen In rejimiga qarshi kurashishga chaqiruvchi varaqalar, dollar banknotalari va KXDRda taqiqlangan Janubiy Koreya filmlari hamda pop-musiqasi yozilgan fleshkalar bo‘lgan havo sharlari uchirganini bildirdi.
Seul birinchi marta 2004 yilda ikki Koreya davlati o‘rtasidagi chegara chizig‘i bo‘ylab o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali KXDRga eshittirishlar uzatishga urinib ko‘rgan va uni vaqti-vaqti bilan tiklagan. Shimoliy Koreya senzura nazoratida bo‘lmagan yangiliklar va taqiqlangan musiqa chegara qo‘shinlari va aholini ruhiy tushkunlikka tushirishidan xavotirlanib, unga qarshi kurashmoqda.