Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil maxsus topshiriqli bo‘linmasining G‘azo markazidagi Nusayrat qochqinlar lagerida garovdagi 4 nafar isroillikni qutqarish bo‘yicha o‘tkazgan amaliyoti bir necha hafta davomida rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Garchi garovdagilarning ozod etilgani Isroilda katta xursandchilik bilan kutib olingan bo‘lsa-da, reyd davomida falastinliklar halok bo‘lgani aytilmoqda.
HAMAS matbuot xizmati reyd oqibatida 274 kishi, jumladan, bolalar va tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
«Yoz urug‘lari» deb nomlangan reydni amalga oshirish orqali maxsus bo‘linma nafaqat shturm vaqtida, balki chekinishda ham tavakkalchilik qilishiga to‘g‘ri kelgan.
TsAHAL matbuot kotibi, kontr-admiral Daniel Hagarining so‘zlariga ko‘ra, razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda Isroildan G‘azoga kirib borgan maxsus topshiriqli bo‘linma bir vaqtning o‘zida «Nusayrat»dagi ikkita turar joy kvartaliga hujum qilgan, bu hududlarda garovdagilar ushlab turilgan bo‘lgan.
Ichkariga bostirib kirgan guruhlar garovdagilarni ozod etgan va ularni ko‘chada turgan harbiy mashinalarga olib chiqishgan, bu yerda ular qurollangan falastinliklarning qattiq qarshiligiga duch kelishgan.
HAMAS garovdagilarni ushlab turgan joyda yashovchi falastinliklarga ko‘ra, qutqaruv amaliyoti chog‘ida hudud intensiv ravishda bombardimon qilingan va og‘ir qurollardan o‘qqa tutilgan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ikki soatlik amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan 86 kishining familiyasini e’lon qilgan.
Qutqaruv operatsiyasiga munosabat
Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos o‘zi «Isroil kuchlari tomonidan sodir etilgan qonli qirg‘in» deb atagan hodisa yuzasidan zudlik bilan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan.
Yevropa ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel G‘azodagi amaliyot davomida qurbonlar soni ko‘p bo‘lganini tanqid ostiga olib, bu holatni «qat’iy tarzda qoralashi»ni aytgan.
Bugungi kunda G‘azo sektorida 7 oktyabr kuni o‘g‘irlangan 120 ga yaqin kishi Falastin hududida qolmoqda.
Isroil telekanallaridan birining boshlovchisi HAMAS garovda ushlab turilganlarga yaxshi munosabatda bo‘lganini aytgani uchun ishdan haydaldi.
12-telekanal boshlovchisi va aktrisa Lama Tatur HAMAS tomonidan garovda ushlab turilgan va ozod qilingan Noa Armanining tashqi ko‘rinishi haqida ijtimoiy tarmoqda post qoldirgan.
«9 oy ilgari o‘g‘irlab ketilgan qizning turishini qarang. Uning qoshlari menikidan ham chiroyliroq! Terisi! Sochlari! Tirnoqlari! Bu nima?! Shuning uchun begunoh ayollar va bolalar o‘ldirilishi kerak edimi?», – deb yozgan Tatur. Bu postdan keyin uni ishdan haydashgan.
Ukrainaga yordam
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukraina uchun 5 yilga mo‘ljallangan 100 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish jamg‘armasini yaratish rejasidan voz kechadi, deb xabar beradi Bloomberg .
Stoltenberg endi ittifoqchilarga Ukrainaga yordam berish uchun yiliga kamida 40 milliard yevro (43 milliard dollar) sarflashni taklif qilmoqchi. Bloomberg manbalarining ta’kidlashicha, bu Rossiyaning keng miqyosli bosqinidan keyingi o‘rtacha yillik badallarga mos keladi.
Taxminlarga ko‘ra, bu mablag‘ning yarmi AQSh tomonidan ajratiladi. Bloomberg suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, NATO har bir mamlakat uchun miqdorni YaIM hajmiga qarab belgilaydi.
«Men ittifoqchilardan kelgusi yillar uchun majburiyatlarni zimmaga olishni so‘rayman. Biz har yili va zarur bo‘lgan vaqt davomida hech bo‘lmaganda shu darajada qo‘llab-quvvatlashimiz kerak», degan edi Stoltenberg may oyi oxirida Pragada.
Stoltenbergning yangi rejasi yangi mablag‘ ajratishni nazarda tutmaydi, biroq NATO Kiyevga kelgusi yillarda qo‘llab-quvvatlash darajasi bo‘yicha ko‘proq ishonch bag‘ishlashni kutmoqda, deb ta’kidladi nashr.
Ukrainadagi urush
Rossiyaning Xarkiv yo‘nalishida oldinga siljishi AQShning Ukraina qurolli kuchlariga Rossiya hududidagi harbiy obektlarni nishonga olish uchun ruxsat berganidan so‘ng depsinib qolgan.
Bu haqda CBS telekanaliga bergan intervyusida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ta’kidlab o‘tgan.
U Jo Baydenning Amerika qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berishga rozi bo‘lganini «sog‘lom fikr» deb atagan.
«Bir narsani qayd etmoqchiman: Rossiyaning Xarkiv ostonasidagi operatsiyasi dinamikasi sekinlashib qoldi. Garchi Xarkiv hamon xavf ostida qolayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi kunlar ichida rossiyaliklar bu hududda quruqlikdan aytarli siljishga erisha olishgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga front chizig‘ini saqlashda va agressiv Rossiya qo‘shinlarini chekintirishda yordam ko‘rsatishda davom etadi», — degan Jyeyk Sallivan.
Ukraina bosh razvedka boshqarmasi Rossiya ishlab chiqargan eng so‘nggi rusumdagi Su-57 samolyotini yo‘q qilgan. Boz ustiga, bunday samolyotlarning bir emas, ikkitasi yo‘q qilingani aytilmoqda.
Samolyotlar Rossiyaning Astraxan oblasti «Axtubinsk» harbiy aeroportida zarbaga duchor bo‘lgan. Zarba sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan fotosuratlar yordamida o‘z tasdig‘ini topgan. Biroq, Rossiyaning eng so‘nggi rusumdagi samolyotini kim va nima bilan yo‘q qilgani ochiqlanmayapti.
Ukraina bosh razvedka boshqarmasi vakili Andriy Yusovning telemarafon efirida bildirishicha, yo‘q qilingan samolyotlarning soni bitta emas, ikkita bo‘lgan.
«Bizdagi ma’lumotlar shunday va ular yanada aniqlashtirishmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘q qilingan Su-57 samolyotlari soni ikkita bo‘lishi mumkin. Shuningdek, okkupantlarning shaxsiy tarkibida tiklanmas yo‘qotishlar va yaradorlar haqida ham ma’lumotlar bor», — degan Yusov.
Yusovga ko‘ra, Bosh razvedka boshqarmasi zarba berilgani faktini tasdiqlaydi, biroq operatsiya kim tomonidan o‘tkazilgani va zarba berish vositasini sharhlamaydi.
Bu «o‘ta zamonaviy» samolyotning ilk yo‘q qilinishi ekanligini tasdiqlagan Yusov, «dushman Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgan aerodromlar»ga zarbalar bundan keyin ham davom ettirilishini ta’kidlagan.
Yevrosaylovlar
Yevropa parlamentiga o‘tkazilayotgan saylovlarda Yevropa xalq partiyasi yetakchilik qilmoqda. O‘ng markazchilardan hisoblanuvchi bu partiya Yearopa parlamentidagi eng yirik guruh bo‘lib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi partiya sanaladi.
Germaniyaning ARD va ZDF telekanallari yakshanba kuni soat 18:00 da e’lon qilgan saylov yakunlari kutilmalari hozircha shundan dalolat beradi.
Yevropa parlamentida eng yirik fraksiyaga ega Yevropa xalq partiyasi Yevroparlamentining yangi chaqirig‘ida 720 ta o‘rindan 189 tasini egallamoqda. Yevropa xalq partiyasidan Yevrokomissiya rahbarligiga nomzod Ursula fon der Lyayyendir.
Germaniya Xristian-demokratik ittifoqi tomonidan nomzodi ilgari surilgan Yevrokomissiyaning amaldagi rahbari Ursula fon der Lyayyen o‘z lavozimini saqlab qola olishiga ishonch bildirdi.
«Ha, ishonchim komil, lekin, albatta, men oldinda juda ko‘p ish borligini bilaman, ammo men ikkinchi mandatni egallashimga ishonchim komil», - deya Reuters uning tegishli savolga javobini keltirgan.
Boshqa narsalar qatorida, fon der Lyayyen Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanligini ta’kidladi.
Kutilmalarga ko‘ra, deputatlar soni bo‘yicha ikkinchi yirik fraksiya sotsialistlar va demokratlarning alyansi bo‘ladi va ular 135 ta o‘ringa da’vo qilishmoqda.
Ulardan so‘ng 81 tadan 87 tagacha o‘rin egallashi mumkin bo‘lgan liberallarning «Yevropani yangilash» birlashmasi bormoqda.
Yevropa konservatorlari va islohotchilari 80 ta mandat, o‘ng millatchilar «O‘zlik va demokratiya» birlashmasi 70 ta joy olishi mumkin. Shunday qilib, birgalikda bu ikki o‘ng guruh 150 ta mandatga ega bo‘lishi mumkin.
Kutilmalarga ko‘ra, «Yashillar/Yevropa ozod alyansi» birlashmasi Yevropa parlamentidagi bir qancha vakillaridan ayriladi va 60 tadan kamroq joyga ega bo‘ladi.