Indoneziya qishloqlaridan birida besh metrli bo‘g‘ma ilon o‘rmonda o‘simlik yig‘ayotgan 45 yoshli ayolni yutib yubordi. Mahalliy aholi haddan tashqari to‘yib ketgan ilon yonida ayolning kiyimlarini topib oldi.
45 yoshli Farida Janubiy Sulavesi provinsiyasida yashagan. 6 iyun kuni u o‘rmondan uyga qaytmagan. Yo‘qolgan ayolning eri uning narsalarini o‘rmondan topib olgan, bu unga shubhali tuyulgan. U xotinini qidirib topish uchun mahalliy aholi yordamiga tayangan.
Ertasi kuni ular qorni katta bo‘lgan ilonni topgan va uni yorib, ayol jasadini chiqarib olgan. Qayd qilinishicha, jasaddagi yaralarga qaraganda, ilon dastlab ayolning oyog‘iga tishlarini botirgan, so‘ng uning tanasiga o‘ralib, bo‘g‘ib o‘ldirgan va yutib yuborgan. Marhumning to‘rt farzandi qolgani aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, u 2017 yildan beri Indoneziyada bo‘g‘ma ilonning beshinchi qurbonidir.
To‘rli bo‘g‘ma ilon dunyodagi eng katta ilon bo‘lib, uzunligi 7 metrga yetishi mumkin. Fanga ma’lum bo‘lgan eng uzun bo‘g‘ma ilon 1912 yilda topilgan va 10 metrga yetgan.
To‘rli bo‘g‘ma ilonlar Janubi-Sharqiy Osiyoda yashaydi. Ular ba’zan hatto ochiq dengizga ham suzadi va kechqurun yoki tunda ov qiladi. Kunduz kunini daraxtlar yoki g‘orlarda o‘tkazadi.