HAMAS Isroil bilan kelishuvga erishmasa, yetakchilari Qatardan chiqarib yuboriladi - OAV

Jahon 21:47 / 10.06.2024 6147

Misr va Qatar agar Isroil bilan kelishuvga erishmasa HAMAS guruhi yetakchilarini Doha shahridagi boshpanasidan chiqarib yuborish bilan tahdid qildi. Bu Oq uy ko‘rsatmasi bilan amalga oshirildi, deb yozdi The Wall Street Journal.

Shuningdek, ular hibsga olinishi, aktivlarining muzlatilishi kabi xatar bilan ham yuzlashishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, Vashingtonning bunday talabi teskari ta’sir ko‘rsatgan. HAMAS yetakchilari o‘z shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan kelishuvga rozi bo‘lmasligini ma’lum qildi. HAMAS yetakchisi Ismoil Honiyaning aytishicha, bir hafta oldin AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan e’lon qilingan taklif urushning tugashini kafolatlamasligi sababli qabul qilinmaydi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, ular o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklifga haligacha HAMAS tomonidan javob olmagan.

Baydenning tashabbusi 6 haftalik otashkesim, barcha garovga olinganlarni ozod qilish, Isroil qo‘shinlarini G‘azodan to‘liq olib chiqib ketish, falastinliklarni hududga qaytarish va uni qayta tiklashni o‘z ichiga oladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 42 kun davomida harbiy harakatlarni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligini, undan so‘ng esa HAMAS guruhiga qarshi operatsiya davom etishini aytgan edi.

2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS Isroil hududiga bostirib kirib, 1200 odamni o‘ldirgani va 250 nafarga yaqin asir olganiga javoban, Isroil armiyasi G‘azoda keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Isroil hujumlari oqibatida 37 ming kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholi vakillaridir.

Ko‘proq yangiliklar: