G7 Xitoy banklarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilish haqida ogohlantiradi

Jahon 11:06 / 10.06.2024 1600

Reuters xabariga ko‘ra, «katta yettilik» Xitoy kichik banklariga G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini buzish oqibatlari haqida ogohlantirish berishni rejalashtirmoqda. Agentlik 9 iyun, yakshanba kuni AQSh ma’muriyatidagi ikki manbaga tayanib, G7 kelgusi haftada Xitoyning kichik moliyaviy institutlariga yangi qattiq ogohlantirish bilan chiqishini ma’lum qildi. 

13-15 may kunlari Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitidagi shaxsiy uchrashuvlar chog‘ida Rossiya Federatsiyasi va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmining o‘sishi Ukraina mudofaasiga tahdid solayotganiga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda. Asosiy e’tibor Xitoyning eng yirik banklari emas, balki kichikroq institutlari harakatlariga yo‘naltiriladi. Katta ehtimol bilan, ushbu maslahatlashuvlar natijalariga ko‘ra, Xitoy banklari bo‘yicha rasmiy bayonot beriladi. 

Shu bilan birga, Yettilik guruhi Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan Xitoy banklariga nisbatan darhol cheklov choralarini ko‘rmasligi mumkin, deb yozadi Reuters. 

AQSh Rossiya mudofaa sanoati bilan ishlaydigan banklarga sanksiyalar qo‘llamoqchi

2023 yil dekabr oyi oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden xorijiy moliya institutlari Rossiya harbiy-sanoat kompleksi manfaatlarini ko‘zlab, Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzkorligini qo‘llab-quvvatlasa, ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkonini beruvchi farmonni imzoladi. Rossiya mudofaa sanoati manfaati yo‘lidagi faoliyat uchun Vashingtonning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan «har qanday shaxs manfaatlarini ko‘zlab yoki uning nomidan muhim operatsiyalarni amalga oshirgan» yoki bunday operatsiyalarni amalga oshirishga hissa qo‘shgan moliya institutlari javobgarlikka tortilishi mumkin, deyiladi hujjatda. 

Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, operatsiyalarni amalga oshiradigan yoki «Rossiya harbiy-sanoat bazasi bilan bog‘liq har qanday xizmatlarni ko‘rsatadigan, shu jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita Rossiya Federatsiyasiga har qanday tovarlar yoki tovarlar sinfini sotish, yetkazib berish yoki topshirishga» aloqador moliya institutlari jarimaga tortilishi mumkin. 

Shundan so‘ng, Xitoy banklari Rossiya bilan operatsiyalarini cheklashi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Xususan, Xitoyning ayrim banklari Rossiyadan yuandagi to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi. Ushbu moliya institutlarining mijozlari tegishli bildirishnomalar oldi va to‘lovlar qaytarila boshlandi. 

Ko‘proq yangiliklar: