Ayollar ham mashinalar bilan ishlay oladi – “polirovka”chi qiz hikoyasi

Jamiyat 09:59 / 10.06.2024 14853

3 yildan beri mashinalarning tashqi ko‘rinishiga ishlov berish bilan shug‘ullanayotgan Madina bu soha ortidan yaxshigina daromad qiladi. Shogirdlariga soha sirlarini ham o‘rgatib kelmoqda. U o‘zi qilayotgan mehnati bilan avtoxizmat sohasining bir yo‘nalishini rivojlantiryapman deb hisoblaydi.

Madina Xoliqova – Toshkent shahridagi avtoservislardan birining asoschisi, 5 kishilik jamoa rahbari va bir nechta shogirdlarning ustozi. U bundan 5 yil oldin mashinalarni sayqallash, ularning tashqi ko‘rinishiga ishlov berishga qiziqib qoladi va sohani yaxshi o‘rganib oladi. Hozir Madinaning avtoservisi mijozlarga tinimsiz xizmat ko‘rsatadi.

“Mikrofon qizlarda” loyihasida Madina bu yo‘nalishga qanday qiziqib qolgani, mashinalar bilan ishlashning ayol kishi uchun og‘irliklari, ish sharoitlari haqida gapirib berdi.

“Qo‘g‘irchoq o‘ynab katta bo‘lganman...”

Hozirgi kunda mashinalarni “polirovka” qilish va ularga keramika surtish ishlarini amalga oshiraman. O‘zimdan tashqari 5-6 kishilik kichik jamoamiz va bir nechta shogirdlarim bor.

Oilamizda hamma o‘qimishli, men ham oliy ta’limda o‘qidim va shu yil tugatyapman. Mashinalarga oxirgi 5 yilda qiziqib qolganman. O‘zi, aslida, bolaligim qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tgan. Bu avtoservis tanishlarimdan biriga tegishli bo‘lgani uchun boshida hazil bilan “Menga ham o‘rgatasizmi?” deb so‘raganman va shu-shu o‘rganib ketdim. Boshida “Qiz bolasan, qila olmaysan”, deyishgan. Lekin epladim.

Ishim – stresslarni yengishga yordam beradigan yo‘nalishda. Ham qilayotgan ishim o‘zimga yoqqan: biz xuddi g‘ijimlangan narsani tekislashga o‘xshash ish qilamiz. Ham xulq-atvorim kirishuvchan bo‘lgani uchun moslashib ketdim. Mana hozir 3 yildan beri shu sohada ishlayapman, har kuni ertalab uyg‘onib ishga kelaman.

Uyimdagilar qarshilik qilishmagan. Bizda xohlagan narsamizni qilib ko‘rishga ruxsat berishardi. Lekin onam boshida og‘ir ish emasmi, deb xavotir olgandi.

Mijoz topishga qiynalmaganman

Mijoz topishga unchalik qiynalmaganman. Sababi mijozlar qaytaga mashinamizni ayol kishiga topshirsak, e’tiborli ishlaydi, deb ham o‘ylashadi. Bundan tashqari, Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali ham o‘z sahifamni yuritib, qilayotgan ishlarimni qo‘yib boraman.

Bitta mashinaning xiralashgan, chizilgan joylarini yaltiratib tayyor qilish uchun o‘rtacha 2-3 kun vaqt ketadi.

Qizlar ham o‘rgana oladimi?

Mashinalarga ishlov berishni qizlar ham o‘rgana oladi. Lekin hozircha bir nechta qiz menga “o‘rgating”, deb murojaat qilgan, biroq “qiyin ekan”, deb tashlab ketishdi. Ammo chin dildan xohlaydigan odam o‘rgana oladi. Faqat qat’iyatli bo‘lish, qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik kerak.

Qiyinchiliklar haqida

Albatta, mashina bilan ishlashda jismoniy qiyinchiliklar, mijozlarga ishni topshirishda qabul qilarmikin degan xavotirlar bo‘ladi. Biroq hammasidan o‘tsa bo‘ladi.

Maqsad

Hozir men ishlatayotgan joy – ijara, o‘zim xohlaganday avtoservisni xohlagan dizaynda qurishni, odamlar men qilgan ishlarni eng sifatli deb biladigan darajaga chiqishni xohlayman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Nizomiddin Toshpo‘latov, Mamatjonov Ziyaddin.

Ko‘proq yangiliklar: