Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi (BMT) AQSh delegatsiyasi Xavfsizlik kengashiga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. Bu haqda Interfax yozdi.
Hujjatda HAMAS guruhi 31 may kuni AQSh prezidenti Jo Bayden taqdim etgan sxemani qabul qilishga chaqiriladi, shu bilan birga Isroil bunga allaqachon rozi bo‘lgani ta’kidlanadi. O‘zgartirishlar Isroil 6 iyun kuni tarqatilgan rezolyutsiya loyihasining oldingi versiyasiga qarshi chiqqanidan keyin kiritilgan.
31 may kuni Bayden G‘azo sektori uchun uch bosqichli o‘t ochishni to‘xtatish rejasini taklif qildi. Birinchisi, sulh tuzish, yuzlab falastinlik asirlar evaziga garovga olingan ba’zi isroilliklarni ozod qilish, gumanitar yordam yetkazib berish hajmini oshirish va harbiy harakatlarni muddatsiz to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni nazarda tutadi.
Ikkinchi bosqichda Isroil G‘azodan barcha harbiy kuchlarini olib chiqib ketishi, Falastin guruhlari esa garovga olinganlarning barchasini ozod qilishi kerak.
Uchinchi bosqich xalqaro hamjamiyat ko‘magida G‘azo sektorini qayta tiklash rejasini amalga oshirishni boshlashni nazarda tutadi.
HAMAS bu takliflardan to‘liq qoniqmaganini aytgan edi.
Isroil matbuotiga ko‘ra, yangi loyihada avvalgisiga nisbatan ikkita asosiy o‘zgarish mavjud.
Birinchidan, loyihada ochiq-oydin aytilishicha, agar tomonlar birinchi bosqichdan keyin 6 hafta ichida kelishuvga erishmasa, muzokaralar davom etayotgan davr mobaynida harbiy harakatlardan tiyilishi shart.
Yana bir o‘zgarish bufer zonasiga tegishli. Avvalgi loyihada BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo sektorida rasmiy yoki norasmiy bufer zona yaratishga bo‘lgan har qanday urinishlarni, shuningdek, hudud yoki undagi demografik vaziyatni o‘zgartirishga urinishlarni rad etishi aniq aytilgan edi. Yangi loyihada G‘azo sektoridagi demografik vaziyatni o‘zgartirish yoki uning hududini qisqartirish bo‘yicha har qanday urinishlarga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlanadi.