O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga saylangan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 7 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida 2025-2027 yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zolariga saylov bo‘lib o‘tgan.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston BMTga a’zo davlatlarning 185 nafar ovozini olgan va o‘z tarixida birinchi marta Kengash a’zoligiga saylangan.
“Mamlakatimizning BMTning ushbu muhim organiga saylangani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida davlat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqaro hamjamiyat va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan keng e’tirof etilganidan dalolatdir”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, mazkur Kengash BMTning asosiy organi bo‘lib, tashkilotning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul hisoblanadi. Ushbu tuzilma BMT tizimida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan rag‘batlantirish bo‘yicha asosiy o‘rinni egallaydi. Kengash uch yillik muddatga saylanadigan 54 a’zodan iborat.