Ikkinchi jahon urushidagi eng yirik sotqinlik – general Vlasov nega o‘z armiyasi bilan nemislar tomonga o‘tib ketgandi?

Jahon 16:00 / 09.06.2024 61105

Avvalboshdanoq zo‘ravonlik ustiga qurilgan SSSRda XX asrning birinchi yarmi muhim o‘rin tutadi. Bu davlatda 1922 yildan 1953 yilgacha 31 yil davomida Iosif Stalin hukmronlik qilgan.

Stalin nafaqat SSSR tarixida, balki jahon tarixida eng yovuz va qonxo‘r shaxslar qatorida eslanadi. Axir uning hukmronlik yillarida turli bahonalar bilan millionlab odamlar o‘z uylaridan badarg‘a qilindi, qamaldi, o‘ldirildi...

Avvaliga «oq gvardiyachilar»ga qarshi kurash, kollektivlashtirish, keyin “mamlakatni yot unsurlardan tozalash”, ikkinchi jahon urush davrida “sotqinlar” eng oxirida esa “imperializm tarafdorlari” kabi ayblovlar bilan millionlab insonlar mahv etilgan.

Stalin va Beriyaning ana shunday yovuz ishlaridan biri, o‘z vatanida yashab turgan bir qancha millatlarni sotqinlikda ayblab, boshqa joylarga quvg‘in qilgani bo‘lgan.

Lavrentiy Beriya va Iosif Stalin
Foto: maxpark.com

Jumladan:

  • Qorachoy ASSRda (avtonom respublika) yashovchi qorachoylar 1943 yil 12 oktyabrda;
  • Qalmiqiya ASSRda yashovchi qalmiqlar 1943 yil 27 dekabrda;
  • Chechen-ingush ASSRda yashovchi chechenlar va ingushlar 1944 yil 29 yanvarda;
  • Bolqor ASSRda yashovchi bolqorlar 1944 yil 24 fevralda;
  • Qrim ASSRda yashovchi qrim-tatarlar 1944 yil 10 mayda;
  • Gurjistonda yashovchi mesxeti turklar 1944 yil 14 noyabrda quvg‘in qilinadi.

Quvg‘in qilinganlarni vatanga xiyonatda ayblashgan. Qrim-tatar, chechen, ingush, qalmiq, bolqorlar nemislarga josuslik qilishda ayblangan bo‘lsa, mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilar Turkiya foydasiga josuslikda ayblangan.

Agar qaysidir millatni “nemislarga sotilgani” uchun jazolash kerak bo‘lsa, birinchi navbatda ruslarning o‘zini ayblash to‘g‘riroq bo‘lardi.

Shu o‘rinda rus generali Vlasovni eslash kifoya. Urush ayni avjiga chiqqan va har bir askarning o‘rni muhim bo‘lgan paytda general Vlasov qo‘l ostidagi katta armiya bilan nemislarga jangsiz asir tushadi.

Oqibatda generalning bu ish sovet armiyasining kuchsizlanishiga va urushning yanada uzoq davom etishiga sabab bo‘ladi.

Ana shunday holatda Stalin va Beriyaning haqiqiy sotqinlar qolib aybi bo‘lmagan boshqa millatlarni sotqinlikda ayblashi va ularni o‘z vatanidan badarg‘a qilishi “gruzin hamda rus bo‘lmaganlar”dan o‘ch olishdan boshqa narsa emasdi.

Sovet tuzumining adolatsizligi shunda ediki, urush tugagandan so‘ng SSSR parchalanib ketgunicha general Vlasovning sotqinligini eslash taqiqlangandi.

Biroq urush paytida nohaq ayblanib surgun qilingan millatlar garchi ularning aybsiz ekani ma’lum bo‘lsa-da, har qadamda kamsitilardi.

Foto: sirjones.livejournal.com

Bugungi kunda Hitler Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabani tamomila “o‘ziniki” qilib olgan Rossiyaning “psevdo” tarixchilari general Vlasovning sotqinligini oqlab, “Boshqalar pand bergani uchun u o‘shanda majbur bo‘lgan edi” deb xaspo‘shlashga urinishmoqda.

Aslida esa nemislar qurshovga olganda uni yorib chiqib ketish imkoniyati bo‘lgan holda general Vlasov qo‘l ostidagi armiya bo‘linmalari bilan qarshilik ko‘rsatmasdan taslim bo‘ladi.

General Vlasov kim bo‘lgan?

Andrey Vlasovning millati rus bo‘lgan va u 1901 yilda Nijyegorod guberniyasida tug‘ilgan. 1919 yilda Vlasov Qizil armiyaga xizmatga chaqirilgan.

U 1922 yilgacha Rossiyada sovet hokimiyati o‘rnatilishiga qarshi bo‘lgan kuchlarga qarshi janglarda qatnashgan. 1929 yilda oliy harbiy kursni, 1935 yilda harbiy akademiyani bitirgan.

1937 yilda Vlasov o‘qchi diviziyalardan birida polk komandiri etib tayinlanadi. Ko‘p o‘tmay diviziya komandiri yordamchisiga aylanadi.

1939 yil kuzda Vlasovni Xitoyga yuborishadi. O‘sha paytda bu davlatning sharqiy qismi va Manjuriya Yaponiya qo‘l ostida edi. Oradan bir yil o‘tgach u Xitoydan qaytib keladi.

Zamondoshlarining eslashicha, Vlasov Xitoydan o‘z ixtiyori bilan qaytmagan. Sovet hukumati uning ishidan ko‘ngli to‘lmagan va Vlasovni Moskvaga chaqirib olgan.

Vlasov urush arafasida
Foto: russian7.ru

O‘shanda Moskvaga qaytgan Vlasovdan Xitoy respublikasi rahbari Chan Kayshi tomonidan berilgan Oltin ajdarho ordeni va uning xotini sovg‘a qilgan qimmat soat tortib olinadi.

Bunga sabab o‘sha paytlarda sovetlar Chan Kayshini emas, Xitoyda kommunistik tuzum o‘rnatishga urinayotgan Mao Tszedunni qo‘llayotgani edi.

1940 yilda Vlasov 99-o‘qchi diviziya komandiri etib tayinlanadi. Bu paytda u general unvonini olib bo‘lgandi.

Vlasovning diviziya komandiri bo‘lishi tarixi bor. U Xitoydan qaytgach eski ishi diviziya komandiri yordamchisi vazifasiga qaytariladi. Shunda Vlasov diviziya komandiri nemislarning taktikasini qunt bilan o‘rganayotgani haqida Moskvaga batafsil “yozib yuboradi”.

Shundan so‘ng diviziya komandiri hibsga olinadi va o‘rniga Vlasov tayinlanadi. Ko‘p o‘tmay “siyosiy hushyorligi” uchun general “Qizil bayroq” ordeni bilan taqdirlanadi.

1941 yil yanvarda Vlasov Kiyev harbiy okrugi tarkibida bo‘lgan 4-mexanizatsiyalashgan korpus qo‘mondoni etib tayinlanadi.

Urushning ilk davrida

Nemislar SSSRga bostirib kirgan paytda Vlasov 4-mexanizatsiyalashgan korpus jangchilari bilan Lvov himoyasida qatnashadi. Kuchlar teng kelmagani uning armiyasi ortga chekinadi.

O‘shanda uning bu ishi Ukraina mudofaasiga mas’ul bo‘lgan Nikita Xrushchyov tomonidan yuqori baholanadi. Aynan Xrushchyovning tavsiyasi bilan Vlasovni Kiyevni himoya qilayotgan 37-armiya qo‘mondoni etib tayinlashadi.

Foto: russian7.ru

1941 yil sentabrda Kiyev uchun bo‘lgan janglarning birida Vlasov yaralanadi va gospitalga yotqiziladi. Sog‘ayganidan so‘ng Stalin uni Moskvaga chaqirib oladi va poytaxt himoyasi uchun tashlangan 20-armiya qo‘mondoni etib tayinlaydi.

1941 yil 5 dekabr kuni Vlasov boshchiligidagi 20-armiya jangchilari Kremldan 32 km uzoqlikda nemislarning 4-tank armiyasini to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘ladi.

Shuningdek, 20-armiya jangchilari nemislarga Volokalamsk va Solnechgorsk yo‘nalishlarida ham muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatadi.

1941 yil 13 dekabr kuni Sovinformbyuro nemislarning Moskvaga qilgan yirik hujumi to‘xtatib qolingani haqida xabar tarqatadi. Xabarga ilova qilingan fotosuratda bir guruh qo‘mondonlar orasida general Vlasov ham bor edi.

Moskva himoyasida qatnashgan qo‘mondonlar. Pastki qator, chapdan birinchida Vlasov
Foto: Zona.kz

1942 yil yanvarda Vlasov yana Qizil bayroq ordeni bilan taqdirlanadi. Unga general-leytenant harbiy unvoni ham beriladi.

1942 yil 8 mart kuni Vlasov armiyasi bilan Leningrad himoyasi tashkil etilgan Volxovsk frontiga yuboriladi. 20 aprel kuni u 2-zarbdor armiya qo‘mondoni etib tayinlanadi.

Asirga tushish va nemislar bilan hamkorlik

1942 yil iyun oyida Vlasov boshchiligidagi armiya Volxovsk frontida nemislarga qarshi janglarda qatnashadi. 25 iyunda dushman general boshchilik qilayotgan armiyani qurshab keladi.

Vlasov sovet harbiylari bilan. O‘ngdan ikkinchi
Foto: idiotcol.livejournal.com

O‘shanda Vlasovning oldida ikkita yo‘l bor edi. Biri dushmanga qarshi mardonavor jang qilish. Bunda general va uning qo‘l ostidagilarni og‘ir janglar va yo‘qotishlar, balki muqarrar o‘lim kutayotgandi.

Ikkinchisi qurshovdan chetda qolayotgan tor yo‘lak orqali ortga chekinish. Bunda yo‘qotishlar kamroq bo‘lishi va asosiy armiya xavfsiz joyga chekinishi mumkin edi.

Ana shu joyda Vlasov mutlaqo kutilmaganda uchinchi yo‘lni tanlaydi. Uning buyrug‘i bilan jangchilar dushmanga qarshilik ko‘rsatmaydi va 1942 yil 11 iyul kuni general boshchiligidagi armiya nemislarga taslim bo‘ladi.

Vlasov va uning armiyasi jangsiz taslim bo‘lgandan keyin Vinnitsadagi harbiy asirlar lageriga joylashtiriladi. Dastlabki so‘roqdayoq nemislar Vlasovga Rossiya ozodlik armiyasiga (ROA) qo‘mondonlik qilishni taklif etadi, u rozi bo‘ladi.

Nemislar Vlasovga urushda g‘alaba qozonganlaridan so‘ng Rossiyada yangi davlat barpo etishlarini va generalga bosh qo‘mondonlik vazifasini topshirishlarini aytishadi.

Shundan so‘ng Vlasov o‘zi bilan asirga tushgan jangchilarning bir qismini ROA tarkibiga o‘tishga ko‘ndiradi. Shuningdek, ROA safiga boshqa joylarda asirga tushgan sovet harbiylar ham qo‘shiladi. Natijada Vlasov qo‘l ostida yirik armiya jamlanadi.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Vlasov qo‘mondonlik qilgan ROA tarkibida harbiy asirlardan iborat 200 ming nafargacha jangchi bo‘lgan va ular sovet armiyasiga qarshi janglarda aktiv qatnashgan.

1943 yilda Vlasovning ochiq xati e’lon qilinadi. “Men nega bolshivizmga qarshi kurash yo‘liga o‘tdim?” deb nomlangan xatda u asosan Stalinni tanqid qilgan va bosh maqsadi sovet rahbarini ag‘darib, Rossiyada fuqarolarga erkinlik beradigan davlat qurish ekanini ta’kidlagandi.

Bu ochiq xat bilan Vlasov va uning nemis hamkorlari bir necha maqsadni ko‘zlagan edi. Jumladan, frontning orqa tomonida, sovet fuqarolari orasidan tarafdor to‘plash, xalqni Stalinga qarshi qo‘yish va asirga tushga sovet jangchilarini ROA tarkibiga yanada ko‘proq jalb qilish mo‘ljallangandi.

Biroq o‘sha paytda sovet fuqarolarida nemislarga qarshi kuchli nafrat shakllangani uchun Vlasovning ochiq xatiga hech kim uchmaydi. Buning ustiga garchi o‘n millionlab sovet fuqarolarini qatag‘on qilgan bo‘lsa ham urush boshlangach Stalinning qahramonligi keng targ‘ib qilinadi.

Natijada xalqda qonxo‘r hukmdorga qarshi kayfiyat, nafrat yo‘qoladi va hamma faqat g‘alabani o‘ylay boshlaydi. Shu sababli Vlasovning ochiq xati nemislar uchun hech qanday naf keltirmaydi.

O‘sha paytlarda ROA rus tilida bir nechta gazeta chop etardi va ularda sovet tuzumiga qarshi keng targ‘ibot olib boriladi. Gazetalar ROA jangchilari orasida tarqatiladi, samolyotlar bilan frontning orqa qismida, SSSR hududiga sochilardi.

Foto: bbs.tiexue.net

Vlasovning asosiy hammaslaklari

Vlasov ROAga qo‘mondonlik qilar ekan, yirik armiyani boshqarishda unga yondamchilar zarur edi.

Shu sababli general ROAga o‘zidan biroz avval asir tushgan va sovetlar tomonidan bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan general-leytenant Georgiy Jilenkovni ham jalb qiladi. U ROAda Vlasovning o‘ng qo‘li bo‘lgan.

Jilenkov 1941 yil oktyabrda bo‘lgan janglardan birida nemislarga asir tushadi. So‘ng kimligini yashirib, oddiy askar sifatida Germaniya armiyasida haydovchilik qilib yuradi. 1942 yil may oyida uni asirga tushgan sovet askari tanib qoladi va nemislarga tutib beradi.

Ko‘p o‘tmay Vlasov ROA qo‘mondoni bo‘lgach Jilenkovni yoniga chaqiradi. Shu tariqa u Vlasovning o‘ng qo‘liga aylanadi va ROAning targ‘ibot ishlari bo‘yicha bo‘limini boshqara boshlaydi.

Vlasovning yana bir yordamchisi general-mayor Fedor Truxin bo‘lgan. Bu general urushning ilk haftalarida nemislarga asirga tushgan edi. Keyinchalik Vlasov uni ham yoniga oladi.

Bundan tashqari, Vlasovga ROAni boshqarishda general-mayor Grigoriy Zverev, general-mayor Viktor Malsev, general-mayor Sergey Bunyachenkolar yordam berishgan.

Vlasov yordamchilari bilan
Foto: Community.livejournal.com

Bularning uchalasi ham sovet armiyasida polkovnik unvoniga ega bo‘lishgan. Asirlikda ROA safiga qo‘shilganidan so‘ng nemislar uchalasiga ham general-mayor unvonini bergan.

Asirga tushish, sud va jazo

1944 yilda urush SSSR chegaralaridan chiqib, Sharqiy Yevropa mamlakatlari hududiga ko‘chadi. 1945 yil bahorga borib Berlin sovet qo‘shinlari tomonidan qamal qilinadi.

May oyi boshlarida Vlasov va uning qo‘l ostida xizmat qilgan Sergey Bunyachenko o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqadi. Bunyachenko Parijda nemislarga qarshi bosh ko‘targan fransuzlarni qo‘llash kerakligini aytadi. Vlasov esa oxirigicha nemislar tomonida bo‘lishini ma’lum qiladi.

Bunyachenko Vlasovga bo‘ysunmaydi va fransuzlar tomonga o‘tib ketadi. Vlasov esa Berlinda qoladi. O‘sha paytda Ispaniyani boshqarayotgan general Franko Vlasovga siyosiy boshpana berishini ma’lum qiladi va uni olib ketish uchun samolyot jo‘natadi. Biroq Vlasov qo‘l ostidagi askarlarni tashlab ketishni xohlamaydi.

O‘sha paytda Vlasov AQSh harbiylari nazoratida bo‘lgan hududda edi. AQSh armiyasi kapitani R.Donaxyu ham Vlasov bilan aloqa o‘rnatadi va unga Germaniyani yashirincha tark etish taklifini bildiradi. General uning taklifini ham rad etadi.

Shundan so‘ng u AQSh harbiylari nazoratida bo‘lgan Chexoslovakiyaning Polzen shahriga jo‘naydi. Yo‘lda uni sovet harbiylari asirga olishadi.

Foto: fishki.net

Vlasov asirga olinishining bir necha versiyasi bor. Unga ko‘ra sovet harbiylari Vlasovni Polzenga yetmasdan daladan ag‘darilib yotgan mashina ostidan topishadi.

Polzenga Vlasovni ROA kapitani Kuchinskiy kuzatib borishi kerak edi, yo‘lda uning boshqaruvida bo‘lgan mashina halokatga uchraydi. Boshqa ma’lumotlarda esa general janglardan birida asirga tushgani aytiladi.

Vlasovni marshal Ivan Konevning oldiga yuborishadi. U generalni Moskvaga jo‘natib yuboradi. Biroq g‘alaba haqida har kun tinimsiz xabar berib turgan sovet matbuoti va radiosi Vlasov ushlangani haqida hech narsa demaydi. Sovet matbuotida keyin ham general haqida hech qayerda hech narsa yozilmaydi.

1946 yil may oyida “Izvestiya” gazetasida Moskvada bir guruh vatan xoinlarini sud qilishayotgani haqida kichik xabar beriladi xolos.

"Vlasovchilar"ning sudi. Vlasov birinchi qatorda, chapdan birinchi
Foto: istoricheskoyedis.ru

Sovetlar avvaliga Vlasov va boshqa asir tushgan ROAchilarning sudini ochiq tarzda, Moskvadagi Oktyabr zalida o‘tkazishni mo‘ljallashadi. Biroq kutilmaganda bu ish bekor qilinib, sud barchadan yashirincha o‘tkaziladi. Shu tariqa sovet fuqarolari Vlasovning qo‘lga olinganini va sud qilinganidan mutlaqo bexabar qolishadi.

Sovetlar Vlasovning sudini yashirishgani bejizga emasdi. Agar o‘sha paytda sovet fuqarolariga general asosan ruslardan iborat qariyb 200 ming kishilik sotqinlar armiyasiga boshchilik qilgani oshkor bo‘lsa, buning oqibati yomon bo‘lishi mumkin edi.

Chunki Stalin tuzumi nemislarga qarshi urush ketayotgan yillarda ham o‘z yovuz ishlarini to‘xtatmagan va yigirmadan oshiq millatni sotqinlikda ayblab vatanidan quvib chiqargandi.

Shuningdek, yana yuz minglab insonlar sotqinlikda ayblanib qatag‘on qilingan. Masalan, urush davrida Polsha, Yugoslaviya va boshqa davlatlar partizanlariga qo‘shilib nemislarga qarshi jang qilgan ko‘plab odamlar urushdan so‘ng nohaq jazolangan va qamoqxonalarda yotgandi.

Agar Vlasov va uning armiyasi haqidagi ma’lumotlar xalqqa oshkor bo‘lsa, nohaq uyidan quvilgan va jazolangan millatlarda, odamlarda “eng ko‘p sotqin ruslardan chiqqan ekan-ku” degan tushuncha va sovet hukumatiga qarshi norozilik kayfiyatini shakllantirishi mumkin edi. Shu sababli sovetlar general Vlasovning sudini yashirincha o‘tkazishadi.

1946 yil 1 avgust kuni siyosiy byuroning qaroriga asosan SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi Vlasov va boshqalarni o‘lim jazosiga hukm qiladi. Hukm osib o‘ldirish yo‘li bilan ijro etiladi.

Foto: vintages.nnm.ru

Hukm ijro etilgandan so‘ng Vlasov bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar “o‘ta maxfiy hujjatlar” toifasiga o‘tkaziladi. Matbuot va radioga, shuningdek, adiblarga uning nomini hatto sotqin deb ham tilga olish taqiqlanadi.

1991 yil SSSR parchalanib ketishi arafasida sovet arxivi bir muddatga ochiladi va rossiyalik tarixchilar Vlasov haqidagi maxfiy hujjatlarni qo‘lga kiritishadi, ular matbuotda e’lon qilinadi.

Ana shunda barcha general Vlasov hibsga olinganini va Moskvada sud qilinib, o‘lim jazosi berilganini biladi. Ungacha ko‘pchilik Vlasovning taqdiridan bexabar bo‘lgan yoki urush oxirroqlarida Germaniyada nemislar bilan birga halok bo‘lgan deb o‘ylagan.

Vlasovning sotqinligi nega bugun ham xaspo‘shlanyapti?

SSSR tarqab ketgandan so‘ng bir muddat ichki muammolar bilan o‘ralashib qolgan Rossiya hukumati 2000-yillardan boshlab shovinistik va imperalizmni, rus millatining buyukligini targ‘ib qilish yo‘lidan ketdi.

Tashqi va ichki siyosatdagi ana shu omillar tufayli ham bugun Rossiyada general Vlasovning sotqinligi haqida gapirish uncha xushlanmaydi.

To‘g‘ri, Vlasovning sotqinligi haqida tadqiqotlar qilingan, asarlar yozilgan. Biroq boshqalarning sotqinligi haqida tinmay gapiradiganlar, Vlasovga kelganda sukut saqlashadi.

Chunki millati rus bo‘lgan Vlasovning sotqinligi haqida gapiraverishsa bu ruslarni buyuk millat deb deb targ‘ib qilayotanlarning ishiga zid bo‘lib qoladi. Ularning nazdida omma ruslardan ham sotqin chiqishi mumkinligini bilmay qo‘yavergani tuzuk.

Shuningdek, SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiyada Vlasov kommunistlarga qarshi jang qilib to‘g‘ri qilgan deb fikrlovchi qatlam ham paydo bo‘ldi.

Rossiya saytlaridan birida berilgan maqola uchun qilingan banner

Aynan ana shu qatlam vakillari 1992 yildan bugungacha Rossiya sudlariga Vlasov va uning qo‘l ostida sovetlarga qarshi jang qilgan safdoshlarini afv etish bo‘yicha bir necha marta murojaat qilgan. Ular rad etilgan.

Jumladan, 1992 yilda Rossiya konstitutsion sudi Stalin davridagi qatag‘on qurbonlariga chiqarilgan hukmlarni bekor qilish haqida qaror qabul qilgan. O‘shanda sud Vlasov va uning safdoshlariga chiqarilgan hukmlarni bekor qilmagan va ularni oqlash haqidagi da’voni rad etgan.

2001 yilda Rossiya oliy sudi harbiy kollegiyasi Vlasovchilarni oqlash haqidagi yana bir da’voni rad etdi.

Vlasovni oqlovchilarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushidan biroz avval SSSRda Stalinning misli ko‘rilmagan qatag‘onlari bo‘lib o‘tgan. Bu qatag‘onlar urush boshlangandan so‘ng ham davom etadi.

Ular Vlasov ana shu qatag‘onlarni sodir etayotgan yovuz tuzumga qarshi kurashish uchun nemislar tomonga o‘tishga majbur bo‘lgan deyishadi. Lekin ular muhim bir jihatni unutishadi – Vlasov o‘z nomi bilan sotqin bo‘lgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: