BMT O‘zbekiston va Xitoy tashabbusi bilan ishlab chiqilgan rezolyutsiyani ma’qulladi

Jahon 09:30 / 09.06.2024 3413

2024 yil 7 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi qarorgohida Bosh assambleya Xitoy va O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni” deb nomlangan rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qullagan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakatlar, shu jumladan Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Armaniston, BAA, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Kuvayt, Malayziya, Misr, Ozarboyjon, Pokiston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Vengriya tomonidan hammualliflik qilgan.

“Hujjat O‘zbekiston rahbariyatining BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi (2023-yil) va ShHTning Samarqand sammitida (2022 yil) umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik ruhini yuksaltirish zarurligi, konstruktiv hamkorlikka intilish, shuningdek, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyatlarning sa’y-harakatlarini safarbar qilish to‘g‘risida bildirilgan qarashlarini konseptual tarzda aks ettiradi”, deyiladi xabarda.

Hujjatda dunyoda diniy va madaniy xilma-xillik muhimligi e’tirof etilgan holda, barcha madaniyatlar va tamaddunlarning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ijobiy qayd etilgan. Turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida bag‘rikenglik, hurmat, muloqot va hamkorlik rag‘batlantiriladi.

Rezolyutsiyada sivilizatsiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, o‘zaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirish maqsadida 10 iyunni Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: