YeK: Ukraina va Moldova YeIga a’zolik bo‘yicha muzokaralarga tayyor

Jahon 08:42 / 08.06.2024 3520

Ukraina to‘rt shartni, Moldova esa Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun zarur bo‘lgan uchta shartni bajardi. Bu haqda 7 iyun, juma kuni Yevrokomissiya rasmiy vakili ma’lum qildi. Yevrokomissiya Bryusseldagi brifingda erishilgan yutuqlar to‘g‘risidagi yangilangan ma’lumotlarni va YeI mamlakatlari rasmiy vakillarining Coreper yig‘ilishida batafsil axborotni taqdim etdi.

Bu uchrashuvda hech qanday qaror kutilmayapti, deya tushuntirdi muzokaralarga yaqin DW diplomatik manbasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiyaning og‘zaki ma’ruzasi inobatga olindi, so‘ngra ishtirokchilar fikr almashishdi va kelgusi hafta muhokamani davom ettirish uchun ushbu mavzuni ekspertlar ishchi guruhiga o‘tkazishdi. Aynan o‘sha paytda muzokaralar asosini muhokama qilish boshlanadi. Yevropa Ittifoqi kengashi ushbu asosni bir ovozdan kelishib olishi va har ikki davlat bilan birinchi hukumatlararo konferensiyalarni boshlashi kerak. 

Belgiyaning YeI kengashidagi raisligi har ikkala hukumatlararo konferensiyani ham 25 iyun kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi Umumiy ishlar kengashi doirasida bo‘lib o‘tishini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda, dedi manba.

Komissiyaning og‘zaki hisobotidan so‘ng bo‘lib o‘tgan muhokamada Yevropa Ittifoqiga a’zo deyarli barcha davlatlar uning pozitsiyasiga rozi bo‘ldi va Belgiyadan iyun oyi oxirigacha hukumatlararo konferensiyalarni o‘tkazishni so‘radi, dedi yevropalik diplomat. Faqat Vengriya Yevropa komissiyasining pozitsiyasiga shubha bilan qarayapti. Uning vakili muzokaralar asosi bo‘yicha bir qator istaklarini bildirdi.

Hukumatlararo konferensiya mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarning rasmiy boshlanishi hisoblanadi. Mart oyida Yevropa komissiyasi so‘nggi og‘zaki hisobotida Ukraina islohotning qolgan to‘rt bosqichidan ikkitasini, Moldova esa uchtadan ikkitasini yakunlaganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: