Moskvadagi uchta teatrda rejissyorlar o‘zgardi. Aktyor Vladimir Mashkov «Sovremennik» teatri direktori, Yevgeniy Gerasimov Moskva akademik satira teatrining yangi badiiy rahbari, rejissyor Konstantin Bogomolov esa Roman Viktyuk teatrining badiiy rahbari etib tayinlandi, deyiladi 7 iyun, juma kuni e’lon qilingan Moskva meri va hukumatining saytidagi xabarda.
Shu bilan birga, uchalasi ham hozirgi badiiy rahbarlik lavozimlarini saqlab qoladi: Mashkov Oleg Tabakov teatrida, Gerasimov Malaya Ordinka teatrida va Bogomolov Malaya Bronnaya teatrida.
Moskva madaniyat departamenti boshlig‘i Aleksey Fursin kadrlar o‘zgarishini Mashkov, Gerasimov va Bogomolovning rahbarlik lavozimlarida erishgan muvaffaqiyatlari bilan izohlab, ular «madaniy meros va teatr an’analariga g‘amxo‘rlik qilish qobiliyatiga ega ekanini» ta’kidladi. Vladimir Mashkovning so‘zlariga ko‘ra, u uchun yangi lavozim - «Sovremennik» tashkilotchilaridan biri, 47 yil davomida teatrni boshqargan Galina Volchek oldidagi «katta va shaxsiy mas’uliyat».
Vladimir Mashkov va Ukrainadagi urush
Aktyor Vladimir Mashkov Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Artist 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Putin saylov shtabining hamraisi bo‘lgan.
2023 yil dekabr oyida aktyor yagona nomzod sifatida Teatr arboblari uyushmasining yangi rahbari etib saylandi. Xuddi shu oyda Vladimir Mashkov «Zolotaya maska» teatr mukofotining prezidentiga aylandi. Ukraina urushi haqidagi fikrlarda o‘zaro yuzaga kelgan kelishmovchilik tufayli aktyor 2022 yilgacha AQShga yashash uchun ko‘chib o‘tgan qizi Mariya Mashkova bilan barcha aloqalarini to‘xtatdi.