Qo‘shma Shtatlar Isroil hukumatini «to‘liq shaffoflikka» chaqirdi, chunki Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) G‘azo sektorida falastinlik qochqinlar bo‘lgan BMT maktabi binosiga zarba bergan. «Isroil hukumati ushbu zarba haqida qo‘shimcha ma’lumot, jumladan, halok bo‘lganlarning ismlarini oshkor etish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Biz ulardan bu ma’lumotni oshkor qilishda to‘liq shaffof bo‘lishini kutamiz», dedi 7 iyun, juma kuni AQSh Davlat departamenti vakili Mettyu Miller jurnalistlarga.
6 iyunga o‘tar kechasi Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumi oqibatida kamida 37 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda AFP G‘azo sektoridagi Al-Aqso kasalxonasiga tayanib.
TsAHAL: Maktab binosida terrorchilar yashiringan
Hujum haqida ilk bor xabar bergan Isroil armiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, BMTning falastin qochqinlar ishi bo‘yicha agentligi tomonidan boshqariladigan maktab binosida 2023 yil 7 oktyabr hujumida ishtirok etgan HAMAS harakati a’zolari uchun lager joylashgan.
Zarba natijasida «yaqin vaqt ichida TsAHAL askarlariga qarshi teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan bir necha terrorchi yo‘q qilindi», — deyiladi bayonotda.
Agentlik rahbari: BMT binolariga hujumlar yangi normaga aylana olmaydi
BMTning falastin qochqinlar ishi bo‘yicha agentligi rahbari Filip Lazarini maktab binosiga qilingan hujumdan ko‘p o‘tmay, u yerda 6000 falastinlik qochqin bo‘lganini aytdi. TsAHALning qurolli guruhlar binoda yashiringanligi haqidagi da’volari «hayratlanarli», ammo «biz bu da’volarni tasdiqlay olmaymiz», deb yozdi Lazarini.
Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT binolariga hujum qilish yoki ulardan harbiy maqsadlarda foydalanish «xalqaro gumanitar huquqni ochiqdan ochiq mensimaslik»dir.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.