Fransiya Ukraina qurolli kuchlarining 4500 askariga teng bo‘lgan butun bir brigadasini o‘qitish va jihozlash niyatida. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 7 iyun, juma kuni Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, u o‘z hududida ukrainalik askarlar tayyorlanishini keskinlashuv uchun sabab deb hisoblamaydi. «Bu Ukrainaning qonuniy iltimosi va u bizning yo‘nalishimizga to‘g‘ri keladi: biz Rossiya bilan urishmayapmiz, lekin Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Fransiya prezidenti.
Bundan tashqari, Emmanuel Makron Kremlni Kiyev hamkorlarini Ukrainaga yordam berishni to‘xtatishga majburlash uchun G‘arbni qo‘rqitishda aybladi. Makron, shuningdek, oy oxirigacha Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlamoqchi ekanini qo‘shimcha qildi va sammitni Shveytsariyada o‘tkazish muhimligini ta’kidlab, uni «mustahkam tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi qadam» deb atadi.
Fransiya prezidenti Kiyevga harbiy yordam berishdan tashqari, Parij tomonidan budjeti 200 million yevro bo‘lgan maxsus jamg‘arma tashkil etilishini e’lon qildi, uning vazifasi Ukraina infratuzilmasini rekonstruksiya qilish bo‘ladi.
Emmanuel Makron va Volodimir Zelenskiyning Yelisey saroyidagi uchrashuvi Ukraina yetakchisining Normandiyada Hitlerga qarshi koalitsiyadagi ittifoqchilar qo‘nishi 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlardagi ishtiroki doirasida bo‘lib o‘tdi.