JST sari qadam, nepotizmga qarshi qonun va Xitoydan Andijonga temiryo‘l - hafta dayjesti

O‘zbekiston 21:02 / 08.06.2024 18216

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorlanmoqda: monopolistlar ayrim imtiyozlaridan mahrum bo‘ladi. Jizzaxda AES qurilishi kamida 8 yil davom etadi: o‘zbekistonliklar buning uchun Rossiyaga qancha to‘lashi maxfiylashtirildi. “Demokratiya va inson huquqlarini targ‘ib qilganlar G‘azodagi vahshiyliklarga ko‘z yummoqda”: Shavkat Mirziyoyev G‘arbning ikkiyoqlama standartlarini tanqid qildi.

Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekistonga oid eng muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

JSTga a’zolik jarayoni: muhim amaliy qadam tashlandi

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida navbatdagi qadamni tashladi. Dushanba kuni imzolangan prezident farmoni bilan, bir nechta monopol kompaniyalarning alohida huquqlari va bir qator imtiyozlar bekor qilinadigan bo‘ldi. Ular orasida elektrotexnika sanoati va avtosanoatga berilgan ayrim imtiyozlar ham bor.

Xususan, 2026 yil 1 iyuldan boshlab, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlaridagi 20 foizgacha narx preferensiyasi qisman bekor qilinadi. 2025 yil 1 yanvardan esa eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun berilayotgan subsidiya va preferensiyalardan voz kechiladi. Shu sanadan boshlab eksportchilarga transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlar ham tugatilishi kerak. Bu imtiyozning bekor qilinishi davlatni yiliga 40 mln dollarlik xarajatlardan xalos qiladi – eksportchilarning transport xarajatlarini qoplab berish uchun 2024 yilda aynan shuncha mablag‘ ajratish reja qilingan. Bu pullarning katta qismi esa avtosanoat korxonalari hisobiga borib tushadi. Shu bilan birga, ayrim imtiyozlar bekor qilinayotgani bilan, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash butkul to‘xtab qolmaydi: farmonga asosan, bu yo‘nalishda JST qoidalari bilan taqiqlanmagan qo‘llab-quvvatlash choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yilgan.

Hujjatga binoan, 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran, samarasi past deb topilgan soliq va bojxona imtiyozlari ham bekor qilinishi kutilyapti. Shuningdek, shu sanadan boshlab “O‘zmetkombinat”, “O‘zikkilamchiranglimetall”, “O‘zkimyoimpeks”, “O‘ztreyd” va “O‘zbektelekom” kompaniyalariga berilgan ayrim eksklyuziv huquqlar tugatiladi. Jumladan, kelasi yildan boshlab internet provayderlarga ma’lum talablarni bajargan holda, tashqi internet kanallariga o‘zlari mustaqil ulanishiga ruxsat beriladi. Eslatib o‘tamiz, “O‘ztelekom”ning bu sohadagi monopoliyasiga barham berilishi haqida 2018 yildan beri ko‘p marta gapirilgan, lekin amalda o‘zgarish bo‘lmay kelayotgan edi.

Ekslyuziv huquqlaridan mahrum bo‘ladigan kompaniyalar orasida “O‘zgaztreyd” va “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyatlari ham bor. 2026 yil 1 iyuldan boshlab ularning markazlashgan tartibda tabiiy gaz va elektr energiyasi importi va eksportini amalga oshirish bo‘yicha alohida huquqlari bekor qilinadi, ya’ni yuridik shaxslar litsenziya olgan holda elektr energiyasi va tabiiy gazning tashqi savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Energetika sohasida, shuningdek, mahsulot taqsimotiga oid barcha bitimlar va investitsiya shartnomalarini 2 oy ichida xatlovdan o‘tkazish belgilandi. Xatlov natijalari bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Eslatib o‘tamiz, ayniqsa tabiiy gaz bo‘yicha tuzilgan ayrim bitimlarda milliy manfaatlar inobatga olinmaganini avvalroq davlat rahbari ham tanqid qilgan edi.

Farmondagi muhim yangiliklardan yana biri qurilish sohasiga oid. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, qurilish obektining loyihasi hali tasdiqlanmagan bo‘lsa, bu qurilishga budjet mablag‘lari, davlat banklarining va davlat korxonalarining mablag‘larini sarflash taqiqlandi. Bu – loyihalash ishlari qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib boriladigan qurilishlarga ham taalluqli. Sir emaski, davlat pullari hisobidan bo‘ladigan qurilishlarda agar loyiha-smeta hujjatlari oldindan tasdiqlab olinmagan bo‘lsa, qurilish jarayonida loyiha qiymati sezilarli qimmatlashib ketishi odatiy holga aylangan. Endilikda, 1 yanvardan boshlab bunday holatlarga chek qo‘yilishi kerak.

3 iyun kungi prezident farmoni JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealaning Toshkentga tashrifi arafasida imzolandi. Shavkat Mirziyoyev JST rahbari bilan uchrashuvda O‘zbekiston tez fursatda tashkilotga a’zo bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumat 2026 yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirmoqchi ekanini e’lon qilgandi. Hozircha bu borada muzokara o‘tkazish istagini bildirgan 11 ta davlat bilan kelishuvga erishilgan, yana 20 dan ortiq davlat bilan muzokaralar davom etyapti.

AESning narxi – maxfiy

O‘zbekiston hukumati Jizzaxda quriladigan atom elektr stansiyasi loyihasining moliyaviy tafsilotlarini maxfiy ma’lumot deb e’lon qildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining Spot nashriga ma’lum qilishicha, stansiya necha pulga qurilishi haqidagi ma’lumot maxfiy hisoblanadi va oshkor qilinmaydi. Ta’kidlash kerak, rasmiylar o‘tgan yili Rossiya bilan tuzilgan gaz shartnomasi haqida ham xuddi shunday gapni aytishgandi.

“O‘zAtom” agentligiga ko‘ra, kichik AES avvalroq katta AESni qurish reja qilingan joyda – Forish tumani hududida, Tuzkon ko‘li yaqinida quriladi. 6 ta reaktorning birinchisini ishga tushirish 5 yildan keyinga reja qilingan. Birinchi reaktor ishga tushgach, keyingi 5 tasini har 6 oyda navbatma-navbat ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Stansiyani to‘liq quvvatda ishlata boshlash esa kamida 2032 yil yoki undan keyinga belgilangan.

Shu tariqa, 330 MW quvvatlik AESning to‘liq ishga tushishi uchun kamida 8 yil vaqt kerak bo‘ladi. Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda 500 MW quvvatli quyosh elektr stansiyalarini qurib ishga tushirish uchun uzog‘i 3 yil muddat yetarli bo‘lyapti.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li bo‘yicha bitim imzolandi

Energetika sohasida Rossiyaga bog‘liqligi borgan sari kuchayayotgan O‘zbekiston, ayni paytda transport koridorlari masalasida Rossiyaga bog‘liqlik muammosini hal qilishga intilyapti. Shu maqsadda sharqiy, janubiy va g‘arbiy yo‘nalishlarda turli koridorlar tashkil etilyapti va yangi loyihalar ustida ishlanmoqda. Shu hafta bu boradagi eng katta strategik loyihalardan biriga huquqiy poydevor qo‘yildi.

6 iyun kuni Pekinda Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida temiryo‘l qurilishi bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolandi. Tarixiy bitimga O‘zbekiston nomidan imzo qo‘ygan transport vaziri Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat bilan uchta davlat birgalikda loyihaning barcha texnik detallarini ishlab chiqishni yakunlash, loyihani amalga oshirishning aniq muddatlari va bosqichlarini belgilab olish, qisqa vaqt ichida qo‘shma korxona tashkil etish va konsessiya bitimini imzolashga kelishib olgan.

Kelishuvga ko‘ra, temiryo‘l Qashg‘ar – Torug‘art – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. Qurilish ishlari shu yil oktyabrda boshlanishi kutilyapti. Ungacha loyihaning moliyaviy masalalari tasdiqlanishi kerak. Qurilish ishlarining asosiy qismi Qirg‘iziston va Xitoy hududiga to‘g‘ri keladi. Loyiha yakuniga yetgach, 2030 yilda bu koridor bo‘ylab 8 mln tonna, 2040 yilgacha yiliga 10 mln tonna, 2050 yilga borib esa 13,5 mln tonna yuk tashilishi ko‘zda tutilgan.

S&P: O‘zbekistondagi kompaniyalarning davlat kafolatisiz olingan qarzlari davlat zimmasiga tushib qolishi mumkin

O‘zbekistonda davlat tomonidan olinmagan va qaytarilishiga davlat hech qanaqa kafolat bermagan ayrim qarzlar ham oxir-oqibat davlatning zimmasiga qolib ketishi mumkin. Bunday xavf borligi haqida S&P xalqaro reyting agentligi o‘z hisobotida ma’lum qildi. Agentlik O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-” (barqaror kutilma) darajasida saqlab qolgan va shu munosabat bilan e’lon qilgan hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyotining hozirgi holatiga batafsil to‘xtalib o‘tgan.

Xorijiy ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat ishtirokidagi va davlat xususiy sherikligidagi korxonalarga tegishli, davlat tomonidan kafolat berilmagan qarzlarning jami miqdori YaIMning 8 foiziga yetib qolgan. Va bu qarzlarning bir qismi hukumat balansidagi majburiyatga aylanishi xatari bor. “Ayrim loyihalar kutilganidan ko‘ra muvaffaqiyatsizroq amalga oshsa yoki boshqaruv yo nazoratda muammolar paydo bo‘lsa, bu qarzlarni so‘ndirishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin”, deyiladi hisobotda.

S&P tahlilchilarining e’tibor qaratishicha, hukumatning likvid aktivlari hajmi 2017 yilda YaIMning 37 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 13 foizgacha qisqarib ketgan. Xususan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 17 mlrd dollarlik aktivlaridan 10 mlrd dollarlik qismini ekspertlar nolikvid aktiv deb baholagan. Ya’ni jamg‘armaning davlatga qarashli kompaniyalar va banklarga kiritgan milliardlab dollarlik mablag‘larini zarurat paydo bo‘lishi bilanoq tezda pul shakliga o‘tkazish qiyin. Tahlilchilar, shuningdek, mamlakatning suveren fondi maqomidagi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tashqi aktivlari ham oxirgi 4 yilda budjet maqsadlarida ishlatila boshlaganiga alohida e’tibor qaratgan.

G‘azodagi urush: Shavkat Mirziyoyev G‘arbdagi ikkiyoqlama standartlarni tanqid qildi

O‘zbekiston G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSh prezidenti Jo Bayden e’lon qilgan rejani olqishladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston barcha tomonlarni xalqaro huquqni hurmat qilishga, zo‘ravonliklarning oldini olishga va tinch aholi orasida qurbonlar sonining yanada ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.

Rasmiy Toshkent otashkesim bo‘yicha AQShning tashabbusini qo‘llasa-da, urushga umumiy munosabat borasida Vashington va u boshchiligidagi G‘arb davlatlari bilan hamfikr emas. Bu masalaga Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin bergan bayonotida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston prezidenti G‘arb davlatlarining fojiaga bo‘lgan munosabati qattiq xavotirga solayotgani, amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilayotganini aytdi.

“Demokratiya va inson huquqlarini keng targ‘ib qilgan va ularning himoyasida turgan yetakchi, rivojlangan davlatlar bu qotilliklarga, bu vahshiyliklarga ko‘z yummoqda. Zo‘ravonlikni to‘liq to‘xtatish va tinchlik jarayonini boshlash kerak. Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun, albatta, mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mirziyoyevning Anqaraga tashrifi vaqtida ikki davlat o‘rtasida 20 ta hujjat imzolandi, o‘zaro savdoni 5 mlrd dollarga yetkazishga kelishildi, 10 mlrd dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirildi. Prezidentlar O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi va ikki mamlakat ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishida qatnashdi. Bundan tashqari, mezbonlar Shavkat Mirziyoyevni Turkiya aerokosmik kompaniyasiga taklif qilib, u yerda turk mudofaa sanoati, xususan zamonaviy dronlar va boshqa texnikalar taqdimoti bilan tanishtirdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, shundan keyin bo‘lib o‘tgan Mirziyoyev va Erdo‘g‘anning tor doiradagi muzokaralarida xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash haqida ham so‘z borgan. Tashrif yakunida Erdo‘g‘an o‘zbekistonlik hamkasbini oliy davlat mukofoti – Turkiya Respublikasining nishoni bilan taqdirladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston prezidenti uzoq kutilgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun bilan, davlat organlari va davlat kompaniyalarida qarindosh-urug‘chilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy mexanizmlar mustahkamlandi. Yaqin qarindoshlar davlat ishida bir-birining bo‘ysunuvida ishlashi bo‘yicha cheklovlar va manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha qonunchilikni buzganlik uchun jazo choralari kiritildi. Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini ochishda yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli beriladi.

To‘rtta hududda 5 nafar soliqchi pora bilan ushlandi. Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura departamenti tomonidan Toshkent shahri, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda soliq inspektorlari 600 dollardan 2300 dollargacha bo‘lgan miqdorlardagi pora bilan qo‘lga olingan. Yana bir holatda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani soliq inspeksiyasining sobiq amaldori 5 ming dollar bilan ushlangan. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qotilga yordam berib, jinoyatni yashirgan ikki nafar profilaktika inspektori 5 yil va 6,5 yil muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekistondagi xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘q. Buni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov parlamentdagi chiqishida aytib o‘tdi. Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev elektr energiyasi bo‘yicha hamma uchun bir xil – 200 kilovatt-soatlik ijtimoiy normani belgilashda gazlashtirilmagan hududlar masalasi inobatga olinmagani haqida so‘radi. Bosh vazir o‘rinbosari bunga javoban xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘qligini tan olib, bu masala bo‘yicha shug‘ullana boshlashini aytdi.

Toshkentda sobiq MXX binosi atrofidagi 53 tup ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy ravishda ko‘chirib ketilgani bo‘yicha nihoyat jinoyat ishi ochildi. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan kompaniya va bunga sharoit yaratib berganlar tergovga jalb etilgan. Bu o‘rinda, go‘yoki hamma daraxtlar olib ketilishini kutib turgandek, jinoyat ishi jamoatchilik bong urganidan naq 12 kun o‘tib ochilgani e’tiborli. Ehtimolki, prokuraturaning holatga o‘z vaqtida aralashuvi o‘nlab daraxtlarni o‘z joyida saqlab qolishga imkon bergan bo‘lardi.

 

hafta mavzulari

Ko‘proq yangiliklar: