Rossiya Ichki ishlar vazirligida qariyb 19 foiz — 173 mingdan ziyod politsiyachi yetishmayapti. Bu haqda idora vakili Irina Volk ma’lum qildi.
«Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi borasidagi yetishmovchiligi 173,8 mingni yoki shtat hisobida 18,8 foizni tashkil etmoqda», — deydi Volk.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yuklamaning ortganiga qaramay, IIV bo‘linmalari samarali ishlashni davom etmoqda. Oxirgi to‘qqiz yil ichida ro‘yxatga olingan jinoyatlar darajasi 12,8 foizga, shaxsga nisbatan tajovuzlar soni 45,9 foizga, qotillik va qotillikka urinish holatlari 42,3 foizga kamaygan.
Yoz oxirlarida Rossiya ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Vladimir Kubishko ham xodimlar yetishmayotgani to‘g‘risida xabar bergandi. «Tasavvur qiling, Rossiyaning olis hududlaridagi tuman bo‘limlariga boryapman va 12 nafar tezkor xodim o‘rniga to‘rt kishi ishlayotganini aniqlayapman. Sakkiz nafar tergovchi o‘rniga ikki nafar kadr xizmat qilmoqda. 40 nafar uchastka noziridan oltitasi qolgan, vaziyat shunaqa. Yetishmovchilik katta», — degandi u.
May oyida IIV rahbari Vladimir Kolokolsev politsiya shtatini to‘liq jamlash uchun yana 152 ming xodim zarurligini ma’lum qilgandi. 2023 yilning avgust oyida esa u 90 ming kishi yetishmayotgani haqida gapirgandi.
IIV rahbari yangi xodimlarni yollash qiyin bo‘layotganining asosiy sababi sifatida maoshlarning kamligini ko‘rsatgan. «Biz pul chop etib, ichki ishlar organlarida xizmatga jalb qilishning asosiy sababi sifatida maoshlarni oshira olmaymiz. Bizda vaziyat shunchaki o‘zgarib emas, balki chuqurlashib ketdi», — degan edi Kolokolsev. Rossiyada politsiya xodimining o‘rtacha maoshi taxminan 44 ming rublni (408 dollar) tashkil etadi.
Arbat.media hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya jon boshiga to‘g‘ri keladigan politsiyachilar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. O‘tgan yili 100 ming rossiyalikka 643 nafar IIV xodimi to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun: Xitoy, Hindiston va AQShda ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 120, 128 va 256 nafarni tashkil etadi. Yevropa Ittifoqida 2019 yildan 2021 yilga qadar har 100 ming kishiga 335,3 politsiyachi to‘g‘ri kelgan.
RF prezidenti Vladimir Putinning qaroriga muvofiq, 2023 yilda IIVning shtat soni 894 mingdan 922 ming nafargacha oshirilgan edi. Joriy yilda u 934 ming kishini, 2025 yilda esa 938 mingni tashkil etishi kerak.