Go‘shtni ko‘cha haroratida ilgaklarga ilib sotish taqiqlanadi

O‘zbekiston 20:36 / 08.06.2024 7560

Yoz mavsumidagi issiq havo sharoitida har qanday mahsulot tez buzilishi mumkin. Shu sababli ularni sotish va saqlashga qo‘yiladigan talablar mavjud. Hudud24 go‘sht, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olayotganda nimalarga e’tibor berish kerak, ularni saqlash, sotishda qonunchilikda qanday talablar belgilangani haqida ma’lumot berdi.

1. Go‘shtni ko‘cha haroratida ilgaklarga ilib sotish taqiqlanadi

So‘yiladigan hayvonlardan olinadigan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tegishli sharoitlar yaratilgan bozor, savdo obektlari va turg‘un savdo shohobchalarida sotishga ruxsat berilgan. Go‘shtni ko‘chalarda hamda savdo obektlari va savdo shahobchalari ichida xona yoki ko‘cha haroratida ilgaklarga ilingan holda sotish, saqlash qat’iyan taqiqlanadi.

Hayvonlar go‘shtini sotishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

- ularning so‘yilishi ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida amalga oshirilgan bo‘lsa;

- go‘sht sotish uchun tegishli barcha sharoitlar, shu jumladan sovutgichli maxsus rastalar tashkil etilgan bo‘lsa;

- veterinariya hujjatlari mavjud bo‘lsa;

- veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan go‘shtlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilgan bo‘lsa.

2. Patlari yulinmagan parranda va qushlarni sotish mumkin emas

Quyidagi hollarda go‘sht mahsulotlarini sotishga ruxsat berilmaydi:

- so‘yilishi ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida amalga oshirilmagan bo‘lsa;

- go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tashish uchun belgilanmagan transport yordamida yetkazib berilgan bo‘lsa;

- veterinariya hujjatlari bo‘lmasa;

- veterinariya-sanitariya ekspertizasining xulosasi (ma’lumotnomasi) bo‘lmasa;

- oyoqlari va bosh qismi jun bilan birga bo‘lsa, shuningdek parranda va qushlarning patlari yulinmagan bo‘lsa;

- xona yoki ko‘cha haroratida ilgakka osilgan yoki yerga (ochiq rasta ustiga) ochiq holda qo‘yilgan holatda bo‘lsa;

- veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan go‘shtlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan bo‘lsa.

3. Go‘sht yog‘och kundalarda maydalanadi

Go‘sht sovutgichli maxsus rastalarda (vitrinalarda) sotiladi. Bunda sovutgichli vitrinalarning har tomonlari zich yopiladigan bo‘lishi zarur. Go‘shtning rastalarga sig‘magan qismi sovutgichli xonalar yoki katta hajmdagi sovutgichlarda saqlanishi lozim.

Go‘shtni maydalash va ajratish maxsus yog‘och moslamalarda (kundalar) amalga oshirilishi lozim. Kundalarning yuzasi tekis bo‘lishi, ular muntazam ravishda pichoq bilan tozalanib turilishi, issiq suv bilan yuvilishi hamda ish kuni yakunlangandan keyin ustiga yirik zarrali tuz sepilishi va doka bilan qoplanishi lozim.

4. Go‘sht sotuvchisi bosh kiymida bo‘lishi shart

Sotuvchi maxsus kiyim boshda ishlashi hamda xaridorga go‘sht mahsuloti to‘g‘risidagi zarur va aniq axborotni berishi, xususan quyidagilarni ma’lum qilishi shart:

- go‘sht va go‘sht mahsuloti olingan hayvonning turi, so‘yilgan sanasi;

- iste’molga yaroqliligini tasdiqlovchi veterinariya ma’lumotnomasi.

5. Oziq-ovqat mahsulotlarida unga qo‘shilgan masalliqlarga oid ma’lumot bo‘lishi kerak

Oziq-ovqat mahsulotlarida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

- mahsulotlari tarkibidagi ingrediyentlar, qo‘shimcha masalliqlar;

- oziqlik qiymati (kaloriyaliligi, oqsillar, yog‘, uglevodlar, vitaminlar, mikroelementlar mavjudligi), og‘irligi va hajmi;

- qo‘llaniladigan sohasi (bolalar, davolash-profilaktika, oziq-ovqat mahsulotlari va parhez taomlar va boshqalar uchun);

- tayyorlash usullari va shartlari (konsentratlar va yarim tayyor mahsulotlar uchun);

- majburiy sertifikatlanadigan tovarlar uchun sertifikati;

- saqlash shartlari;

- tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati;

- ayrim kasalliklarda iste’mol qilish mumkinmasligi.

Tovarlar savdo zaliga yoki sotiladigan boshqa joyga qo‘yilgungacha o‘ramidan ochilishi kerak. Tovarning iflos bo‘lgan qismi tozalanishi kerak.

6. Oziq-ovqat mahsulotlari quyosh nuridan pana joyda saqlanishi shart

Tuz, shakar, un, yorma va boshqa sochiluvchan tovarlarni qadoqlash va sotishda alohida kurakchalardan foydalaniladi. Oziq-ovqat mahsulotlari quyosh nuri va yog‘ingarchiliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan holda joylashtirish taqiqlanadi.

Mahsulotlar qadoqlanganda tovar o‘ramiga etiketka yopishtiriladi, unda uning nomi, tayyorlovchi korxonaning yoki tayyorlovchi mamlakatning nomi, narxi, tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati, qadoqlangan sanasi, qadoqlovchining tartib raqami yoki familiyasi ko‘rsatiladi.

Tortib sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari o‘ralganligi uchun qo‘shimcha haq undirilmaydi.

7. Biskvit tortlar sovitiladigan vitrinada sotilishi kerak

Qandolatchilik mahsulotlari (biskvit tortlar, pirojnoyelar va boshqalar), yarim tayyor mahsulotlar, tayyor masalliqlar va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni sotishga faqat sovitiladigan peshtaxtalar, vitrinalar bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.

8. Fumigatsiya (zararkunandalardan himoya qilish usuli qo‘llangan) qilingan mevalar 24 soat saqlanadi

Meva-sabzavotlar sortlarga ajratilib sotiladi. Ho‘l, quritilgan, qayta ishlangan meva-sabzavotlar maxsus, quyosh nuri tushmaydigan, yaxshi shamollatiladigan, sovitiladigan joylarda idishda saqlanishi kerak.

Mevalar buzilishining oldini olish uchun fumigatsiya qilingan olma, nok va sitrus mevalarni savdo joylarida saqlash 24 soatdan oshmasligi kerak.

Quritilgan mevalar, sabzavot va qo‘ziqorinlar 0 darajadan +10 darajagacha haroratda quruq, salqin xonalarda yashiklarda, polietilen yoki kraft qopchalarda saqlanadi.

Muzlatilgan meva va sabzavotlar harorati –8 –10 °C darajadan oshmaydigan past haroratli kameralarda va peshtaxtalarda saqlanadi.

9. Kartoshka va boshqa meva-sabzavotlar xaridorga ko‘rinib turishi kerak

Kartoshka va meva-sabzavot tovarlari sotishga qo‘yishdan avval yaroqsiz va nostandartlarga ajratib saralanadi, shuningdek ularning ifloslangan ustki qismi tozalanadi.

Yangi va quritilgan meva-sabzavot tovarlari va kartoshkani sotish tovarning narxi va sorti ko‘rsatilgan, qadoqlangan holda amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: