Bo‘shab qolgan Rafah ko‘chalari, taktikani o‘zgartirgan HAMAS va Medvedev uchun so‘ralgan order - kun dayjesti

Jahon 13:05 / 08.06.2024 11275

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Vayron qilingan binolar, qurilish materiallari parchalari va bo‘m-bo‘sh ko‘chalar — Isroil quruqlikdan bostirib kirganidan so‘ng 1,5 million falastinlikka boshpana bo‘lib turgan Rafah ana shunday ko‘rinishga keldi.

Falastinliklarning ommaviy qochib chiqishi shahar ko‘chalarini bo‘shatib qo‘ygan va bir paytlar juda qizg‘in hayot kechgan shaharni vayrona va umidsizlik ramziga aylantirgan.

Umuman, 8 oylik urush davomida bir paytlar “ochiq osmon ostidagi eng katta qamoqxona”, deb atalgan G‘azo dunyodagi eng katta ommaviy qabristonga aylandi. 7 oktyabrdan buyon Isroil qamal qilingan eksklavning 1,5 foiz aholisini o‘ldirdi. Ommaviy qabristonlar miqyosi kishini dahshatga soladi. Bu 13,5 ta futbol maydoniga teng joyni egallaydi.

Isroil harbiy-havo kuchlarining G‘azoning Nusayrat shahridagi maktabga bomba yog‘dirishi natijasida 39 kishi halok bo‘ldi. O‘nlab kishilar yarador bo‘lgan. Bu yerda qochqinlar jon saqlayotgan bo‘lgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi xabariga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida qurbon bo‘lganlar soni 36 ming 731 nafarga yetgan. Yaradorlar 83 ming 530 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi bir sutka ichida Isroil qo‘shini 6 ta ommaviy qirg‘in uyushtirgan, unda 77 kishi halok bo‘lgan va 221 kishi yaralangan.

HAMAS taktikasini o‘zgartirmoqda

Reuters agentligining vaziyatdan xabardor amerikalik mulozimlar orasidagi manbalari so‘zlariga ko‘ra, HAMASning G‘azodagi qarshilik guruhi soni urush boshidagi 20–25 ming kishidan 9–12 ming kishigacha qisqargan

Manbalardan biriga ko‘ra, kuchsizlangan HAMAS endi Rafahni egallayotgan Isroil qo‘shinlari bilan uzoq qarama-qarshiliklardan qochib, pistirmalar qo‘yishga va qo‘lbola bombalar bilan front chizig‘i ortidagi nishonlarni mo‘ljalga olishga intilmoqda.

G‘azodagilar ham taktika o‘zgarganini sezishgan.

«Avvalgi oylarda ular jangga kirishib, Isroil qo‘shinlari ularning hududiga qadam bosishi hamono, ularga qarata o‘t ochib turishardi, — degan g‘azoliklardan biri Vissam Ibrohim Reuters jurnalistlariga. — Endi ularning taktikasi sezilarli tarzda o‘zgargan: endi hamaschilar ularning qaytishini kutishadi, so‘ngra pistirma uyushtirib hujum qilishadi».

HAMASning bunday taktikasi uzoq vaqt jang olib borishiga sharoit yaratishi mumkin. Isroil armiyasi vakili Piter Lerner hali HAMAS ustidan g‘alaba qozonilishi dargumon ekani, Isroil yangi taktikaga moslashishga urinayotganini aytib o‘tgan.

«Ular salohiyatini 17 yil davomida o‘stirishgan, muammoni hal qilishning tezkor yo‘li mavjud emas», — degan u.

Isroil IShID bilan bir qatorda

BMT Isroilni IShID bilan bir qatorga joyladi. Oradan ikki yil o‘tib BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘z so‘zida turdi: BMT Isroilni bolalarning qotili bo‘lgan mamlakatlar “qora ro‘yxati”ga tirkadi. Bu haqda Antoniu Guterrish isroillik mulozimlarga ham xabar bergan.

«Bu demokratik davlat ushbu ro‘yxatga qo‘shilgan ilk holat”, — degan Isroilning 13-telekanali.

Ushbu “qora ro‘yxat”dan turli vaqtlarda Suriyadagi Bashar Asad rejimi, Myanma, Sudan, Kongo kabi davlatlar, IShID va Al-Qoida kabi terrorchilik tashkilotlari o‘rin olgan.

2021 yil bo‘yicha Isroil 78 nafar falastinlik bolalar o‘ldirilgani va 982 nafari yaralanganiga qaramasdan, 2022 yilda BMT bosh kotibi “qattiq tashvishga tushgani”ni izhor qilib, Isroilni bu ro‘yxatga qo‘shmagan, lekin ishlar shu zaylda ketaversa Isroil ro‘yxatdan o‘rin olishini va’da qilgan edi.

Isroildagilar BMTning bu qarori qurol-yarog‘ embargosiga sabab bo‘lishi, xalqaro va diplomatik munosabatlarga ta’sir o‘tkazishi mumkinligidan tashvishga tushishmoqda.

Isroil muxolifati o‘z hukumati va BMTni ayblay boshlagan.

«Qonunsizlik hukumati Isroildagi siyosiy yemirilishni to‘xtatishga bo‘lgan har qanday qobiliyatini yo‘qotib bo‘ldi. Faqat sog‘lom fikrli hukumat bizning xalqaro nufuzimizni tiklashi mumkin», — degan Isroil muxolifati lideri Yair Lapid. U BMTni ham biryo‘la Isroilni bu ro‘yxatga asossiz qo‘shganlikda ayblab o‘tgan.

Putinning urushga munosabati

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan urushning cho‘zilib ketganini Rossiya askarlarining joni borasida qayg‘urilayotgani bilan tushuntirgan.

Putinning gaplaridan anglashiladiki, urushga ilakishib qolgan va 130 ming askaridan ayrilgan Rossiya hali o‘z oldiga qo‘ygan vazifalariga to‘liq erishmagan. U harbiy kampaniya yaqin orada tugashidan umid qilmaslik kerakligiga ham shama qilgan.

«Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yechishning tezligini oshirish mumkinmi? Mumkin, albatta, lekin bu yo‘qotishlarga to‘g‘ri proporsional», — degan Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi urushning cho‘zilib ketishidagi “mas’uliyati”ni anglaydi, lekin askarlarning jonini omon saqlash uchun shunday yo‘l tutilmoqda.

«Men Mudofaa vazirligi Bosh shtabi taklifidan kelib chiqaman. Tezlik muhim, lekin frontda jang qilayotgan farzandlarimizning joni va omonligi muhimroq», — degan u.

Putinga ko‘ra, harbiy idoralarda urushning barcha maqsadlarini amalga oshirish uchun harakatlar rejasi bor va “jangovar ishlar ketmoqda”. Uning aytishicha, shu yilning boshidan buyon Rossiya armiyasi 47 ta aholi punkti yoki Ukraina hududining 880 kilometr kvadratini egallab olgan, Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan siqib chiqarishda davom etmoqda.

Putin avvalroq urushda halok bo‘lganlar borasida o‘z baholashlarini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukrainaning tiklab bo‘lmas yo‘qotishlari 1ga 5 nisbatda. Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari oyiga 50 ming kishini tashkil etmoqda. Agar Putinning og‘zidan yangragan raqamlarga ishonilsa, Rossiya armiyasining bir oydagi yo‘qotishlari 10 ming askarga teng yoki 27 oylik urush mobaynida 270 ming askarni tashkil etadi. Ularning 135 ming nafari halok bo‘lgan.

Bu baholash AQSh razvedkasining ma’lumotlariga mos keladi. Ular 2023 yil oxirida Rossiya Ukrainada 120 ming askaridan ayrilganini xabar qilgan edi.

Medvedevni qamashni so‘rashdi

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudidan Rossiyaning sobiq prezidenti, ayni paytda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari bo‘lgan Dmitriy Medvedevni qamoqqa olishni talab qilishdi.

Talabni Inson huquqlari bo‘yicha Xalqaro federatsiya — FIDH ilgari surgan. Ular Haaga sudidan Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev va bir qator rossiyalik propagandachilarga qarshi order  berilishini talab qilishgan. Bu haqda tashkilotning rasmiy bayonotida aytiladi.

Huquqbonlar, xususan, Rossiyaning bosh propagandachisi Vladimir Solovyov, Russia Today telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan, «Rossiya segodnya» mudiaguruhi rahbari Dmitriy Kiselyov va teleboshlovchi Sergey Mardanni hibsga olishga chaqirishmoqda.

Ular shuningdek ukrainaliklarni nafrat tili bilan ta’qib qilishda javobgarlikni Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, Rossiya televideniyesida davlat propagandasi uchun kuratorlik qiluvchi Aleksey Gromov zimmasiga yuklashni talab qilishgan.

FIDH'dagilarning qayd etishlaricha, propagandachilar Ukrainaning tinch aholisiga nisbatan nafratni tarqatib, Rossiyaning harbiy jinoyatlariga yordam berishmoqda.

«Bu inson huquqlarining jiddiy tarzda buzilishi va uni rossiyalik propagandachilarning gumanizatsiyadan xoli bo‘lgan kampaniyasisiz amalga oshirib bo‘maydi. Ular ukrainalik tinch aholini qurol tepkisini bosib o‘ldirayotganlar singari aybdordir», — degan FIDH vitse-prezidenti Aleksandra Matveychuk.

Ko‘proq yangiliklar: