Rossiya hali mazmunli migratsiya siyosatini qurmadi – Putin

Jahon 22:10 / 07.06.2024 5399

Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya siyosati muhokamasiga qaytish zarur, deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga nafaqat mehnat muhojirlari, balki muayyan malakaga ega, til, urf-odat va qonunlarni biladigan odamlar kerak. Putin Rossiyada hali mazmunli migratsiya siyosati qurilmaganini ta’kidladi. 

«Keling, bu masalaga (migratsiya siyosatiga) imkon qadar tezroq qaytaylik, biz muammoni yo‘qdek ko‘rsata olmaymiz, muammo bor», dedi Putin. 

Rossiya rahbari 2016 yilda Federal migratsiya xizmati tugatilib, uning funksiya va vakolatlari Ichki ishlar vazirligiga o‘tganini eslatdi. «Bu samarali bo‘ldimi yoki yo‘qmi — katta savol», dedi Putin. 

Prezident so‘zlariga ko‘ra, mazmunli migratsiya siyosatini shakllantirish yo‘lida ko‘p ish qilish kerak bo‘ladi. Uning aniqlik kiritishicha, mamlakat rasmiylari migrantlarni Rossiyada o‘zini qulay his qilishi uchun til va urf-odatlar bo‘yicha qanday tayyorlashni aniqlab olishi kerak. Bundan tashqari, ular mehnat bozorida yoki maishiy darajada hech qanday muammo keltirib chiqarmasligi kerak. 

Rossiyada migratsiya siyosati muhokamasi Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll» konsert-zalida sodir bo‘lgan teraktdan keyin boshlandi. May oyi o‘rtalarida ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev migratsiyani tartibga solish islohotiga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi. 29 may kuni Ichki ishlar vazirligi yanvar-aprel oylari davomida 22 ming xorijlik Rossiyadan chiqarib yuborilgani haqida xabar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: