Mehnat migrantlariga subsidiya va kompensatsiya ajratish tartibi e’lon qilindi

O‘zbekiston 10:03 / 07.06.2024 8295

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining “Mehnat migrantlariga subsidiya, kompensatsiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Loyihani qabul qilish zarurati quyidagi omillar bilan asoslangan:

  • birinchidan, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan fuqarolar ketishdan oldingi jarayonda ma’lum moliyaviy qiyinchiliklarga uchramoqda;
  • ikkinchidan, mehnat bozorini diversifikatsiya qilish uchun O‘zbekiston fuqarolarini kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish amaliyotini hamda ularga kasbiy (til) malakani tasdiqlovchi xalqaro tan olinadigan sertifikatlarni taqdim etish zaruratini vujudga keltirmoqda;
  • uchinchidan, xorijda murakkab sharoitga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolaridan kelib tushgan murojaatlar soni oshganligini ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash amaliyotini kengaytirishni taqozo etmoqda.

Loyihada Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi kompensatsiya, subsidiya va boshqa boshqa to‘lovlarni ajratilishi nazarda tutilgan:

  • birinchidan, Xorijda ish mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
  • xorijiy tillar va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda;
  • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda;
  • yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lash;
  • ikkinchidan, sug‘urta tashkilotlariga — «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, shuningdek, boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash maqsadida har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta ellik ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lash;
  • uchinchidan, xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lash.

Qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida:

  • birinchidan, O‘zbekiston fuqarolarini kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish amaliyotini samaradorligini oshirish hamda ularga kasbiy (til) malakani tasdiqlovchi xalqaro tan olinadigan sertifikatlarni taqdim etish imkoniyatini yaratiladi;
  • ikkinchidan, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketayotgan fuqarolarimizning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash amaliyoti kengayadi;
  • uchinchidan, xorijda murakkab sharoitga tushib qolgan mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytiriladi, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning haq-huquqlarini ta’minlashga va ko‘maklashishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Ko‘proq yangiliklar: