Makron Mirage 2000 harbiy samolyotlarini Kiyevga topshirishga va’da berdi

Jahon 08:22 / 07.06.2024 4296

Fransiya Ukrainaga bir qator modernizatsiya qilingan Mirage 2000-5 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish niyatida, dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6 iyun, payshanba kuni Fransiyaning TF1 va France 2 telekanallariga bergan intervyusida. «Ular Ukrainaga o‘z hududi va havosini himoya qilishga imkon beradi», dedi u ukrainalik uchuvchilar 2024 yil oxirigacha Mirage’dan foydalanish uchun Fransiyada tayyorgarlikdan o‘tishlari mumkinligiga aniqlik kiritib. Fransiya prezidenti hozircha qiruvchilarning aniq sonini ma’lum qilgani yo‘q

Bundan tashqari, Makron yana 4500 nafar ukrainalik harbiyni Fransiyada o‘qitishga va’da berdi. U, shuningdek, Ukrainaga fransuz harbiy instruktorlarini yuborishga tayyorligini tasdiqladi va «biz jangovar zonada askarlarni tayyorlash haqida gapirmayapmiz», shuning uchun bu «eskalatsiyani anglatmaydi», dedi. «Biz barcha hamkorlarimiz bilan ishlayapmiz va hozirda kollektiv qaror asosida koalitsiya sifatida qaror qabul qilamiz», dedi prezident o‘z niyatlari haqidagi aniq savolga javoban. 

Makronning Zelenskiy bilan uchrashuvi 7 iyun kuni tushdan keyin bo‘lib o‘tadi 

Emmanuel Makron 7 iyun kuni tushdan keyin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Yelisey saroyida qabul qilishni rejalashtirmoqda va bu uchrashuvda «nima qilish» haqida «juda aniq bayonot» bilan chiqishga va’da berdi. Zelenskiy Fransiya prezidentidan tashqari, Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari Sebasten Lekornyu bilan ham uchrashib, bir qancha kelishuvlarni imzolaydi. 

AFP xabariga ko‘ra, Fransiya Ukrainaning urush paytida Rossiya tomonidan vayron qilingan infratuzilmasini tiklashga yordam berish uchun kredit va xayriya ko‘rinishida 650 million yevro ajratmoqchi. Bundan tashqari, KNDS Fransiya-Germaniya mudofaa kompaniyasi Ukrainada o‘z filialini ochishni rejalashtirmoqda. 

Mirage qiruvchilari qanday ishlaydi?

Fransiya harbiy-havo kuchlarining asosiy jangovar samolyoti Mirage - 1970-yillarda Dassault Aviation tomonidan ishlab chiqilgan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotdir. Fransiyadan tashqari, 1984 yildan beri u Osiyo, Yevropa va Lotin Amerikasidagi bir qancha mamlakatlarda bor. Dpa agentligiga ko‘ra, eskirib qolgan Mirage qiruvchilari asta-sekin yangi Rafale bilan almashtirilmoqda. Ukrainaga yetkazilishi rejalashtirilgan Mirage 2000-5 versiyasi 1990-yillarda eng yaxshilaridan biri hisoblangan. 

Mirage’ni Ukrainaga topshirish bo‘yicha munozaralar 2023 yilda ham bo‘lib o‘tgan, ammo Ukraina Havo kuchlari vakillari asosan Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlari yetkazib berilishiga e’tibor qaratgan. 

Politico: Ukraina F-16 uchuvchilarini tayyorlash sekin ketayotganidan norozi 

Ukraina rasmiylari AQSh va boshqa davlatlardan F-16 qiruvchi samolyotlari uchun uchuvchilarni tayyorlashni tezlashtirishni talab qilmoqda. Bu haqda 6 iyun kuni Politico nashri xabar berdi. Ukraina rasmiylarining aytishicha, hozirgi tayyorgarlik jarayoni Kiyev tez orada harbiy yordam sifatida oladigan jangovar samolyotni boshqarish uchun yetarli uchuvchilarni tayyorlashga ulgurmayapti, deb yozadi Politico. 

Nashr manbalariga ko‘ra, Ukraina zudlik bilan 30 nafar uchuvchini F-16’dan foydalanishga o‘rgatish uchun AQShga jo‘natishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq Oq uy Kiyevni Arizonadagi bazasida joy yo‘qligi va sentabr oxirigacha bor-yo‘g‘i 12 nafar ukrainalik uchuvchini o‘qitishga tayyorligi haqida xabardor qildi, deya ta’kidlaydi Politico. 

YeI to‘rt davlati Kiyevga 60 dan ortiq qiruvchi samolyotni topshirishni rejalashtirmoqda 

Daniya, Norvegiya, Niderlandiya va Belgiya yozda Ukrainaga Amerikada ishlab chiqarilgan 60 dan ortiq qiruvchi samolyotlarni yuborishni rejalashtirmoqda, deb yozadi nashr. Taxminlarga ko‘ra, samolyot Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi bilan havoda kurash olib borishga va rus qo‘shinlarini front chizig‘idan, masalan, Xarkiv viloyatidan uzoqlashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, Niderlandiya va Daniya Kiyevga F-16 samolyotlaridan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga hujum qilish uchun ruxsat berdi.

Ko‘proq yangiliklar: