Kuba: Rossiyaning atom suvosti kemasi kelasi hafta keladi

Jahon 09:03 / 07.06.2024 8869

Rossiyaning «Kazan» atom suvosti kemasi va Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining yana uchta kemasi – «Admiral Gorshkov» raketa fregati, «Akademik Pashin» dengiz tankeri va «Nikolay Chiker» qutqaruv buksiri 12 iyun kuni Kuba poytaxti Havana portiga kirib keladi va u yerda 5 kun qoladi, deb xabar berdi Kuba Mudofaa vazirligi 6 iyun, payshanba kuni. «Kemalarning hech biri yadroviy qurolga ega emas», deb aniqlik kiritdi vazirlik va ularning Kubada bo‘lishi «mintaqa uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi» deb ishontirdi

«To‘xtash vaqtida rossiyalik dengizchilar Kuba harbiy floti qo‘mondoni va Havana gubernatori bilan uchrashuv o‘tkazadilar, shuningdek, ular shaharning tarixiy va madaniy joylariga ekskursiya qilishadi», — deyiladi «Interfaks» agentligi keltirgan hujjat matnida. 

Kubaning Rossiya bilan munosabatlari mustahkamlanishi 

Rossiya harbiy kemalarining AQSh qirg‘oqlariga juda yaqin masofada g‘ayrioddiy tarzda joylashtirilishi Rossiyaning Ukrainadagi urushi tufayli Rossiya va G‘arb o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytda yuz berdi, deb yozadi AFP. 

XX asrning ikkinchi yarmidagi sovuq urush davrida Kuba o‘sha paytdagi Sovet Ittifoqining muhim ittifoqchisi edi. Sovet yadroviy raketalarining orolda joylashtirilishi 1962 yilgi Kuba raketa inqiroziga sabab bo‘ldi, o‘shanda dunyo AQSh va SSSR o‘rtasidagi yadro urushiga juda yaqin keldi. 

Agentlikning qayd etishicha, 2022 yil fevral oyida urush boshlanganidan keyin Rossiya Federatsiyasi Kuba kommunistik hukumati bilan munosabatlarni mustahkamlash jarayonini tikladi. O‘sha yilning noyabr oyida prezident Migel Dias-Kanel Moskvaga tashrif buyurib, Kreml rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi va 2023 yil aprel oyida u Rossiyani «G‘arbga qarshi kurashda Kuba so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashiga» ishontirdi. Kuba Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralamadi. 

Bayden: Ukraina Moskvaga AQSh qurollari bilan hujum qila olmaydi 

Kiyevga topshirilgan Amerika qurollari Moskva yoki chegaradan sezilarli uzoq masofada joylashgan boshqa hududlarga hujum qilish uchun ishlatilmasligi kerak, dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. Vashington ushbu qurollarni Rossiya hududida Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda ishlatishga ruxsat berdi, dedi u bir kun avval ABC News telekanaliga bergan intervyusida. 

Avvalroq, Rossiyaning Xarkiv viloyatiga hujumlari kuchayishi fonida Vashington Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat bergani ma’lum bo‘ldi. Biroq, Politico va CNN ta’kidlaganidek, ruxsat Rossiya Federatsiyasi tomonidan hujumlarga duchor bo‘lgan Xarkivni himoya qilish uchun Xarkiv viloyati bilan chegaradagi hududlarga tegishli. 

Putin G‘arbga «assimetrik javob» bilan tahdid qildi 

5 iyun kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida jurnalistlarning yadro qurolidan foydalanish tahdidi haqidagi savoliga Putin «yadro tayoqchasini silkitmayotganini» aytdi va shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining yadroviy doktrinasiga muvofiq bunday qurollardan foydalanishga tayyorligini ma’lum qildi.

Kreml rahbari agar Rossiya hududiga Ukraina tomonidan G‘arbdan yetkazib berilgan qurollar yordamida hujum qilinsa, G‘arbga «assimetrik javob» bilan tahdid qildi, deya xabar beradi dpa. Xususan, Moskva o‘z qurollarini dunyoning boshqa mintaqalariga joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, u yerdan Rossiya Federatsiyasiga qarshi qaratilgan qurollar kelib chiqqan mamlakatlarga hujum qilish uchun foydalanish mumkin, dedi Putin. «Bu javob assimetrik bo‘lishi mumkinligini anglatadi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Ko‘proq yangiliklar: