Germaniya va Fransiya Yevropa Ittifoqining hashamatli tovarlar, jumladan, avtomobillarni Belarus orqali urushga qarshi sanksiyalar ostida bo‘lgan Rossiyaga jo‘natish imkonini beruvchi bo‘shliqni yopish niyatiga qarshi chiqdi. Bu haqda Politico internet-nashri 6 iyun, payshanba kuni diplomatik doiralardagi manbalariga tayanib yozgan.
Politico’ning uch suhbatdoshiga ko‘ra, Berlin va Parijning qarshiligi Yevropa Ittifoqi davlatlarini Rossiyaga qarshi 14-sanksiya paketini va Belarusga qarshi shunga o‘xshash choralarni ikkiga bo‘lish haqida o‘ylashga majbur qilgan. Nashrning ta’kidlashicha, bu YeIga Belarusga qarshi sanksiyalar bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal qilishni kechiktirib, yirik gaz sanksiyalarini qo‘llashga imkon beradi.
«Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi sanksiyalarni Moskvaning Ukrainaga hujumidan oldin ham kiritgan va Minskni 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Aleksandr Lukashenko o‘zini g‘olib deb e’lon qilgan va tinch namoyishlarni bostirgani uchun jazolagan», - deya eslatdi material mualliflari.
Ayni paytda, Minskka qarshi sanksiyalar Moskvaga nisbatan bo‘lganidek keng qamrovli emas. Bu Rossiya Federatsiyasi bilan bojxona ittifoqiga ega bo‘lgan Belarusga Rossiyaga olib kirilmoqchi bo‘lgan sanksiyalangan tovarlar uchun «transport punkti» sifatida harakat qilish imkonini beradi, deya aniqlik kiritiladi maqolada.
2021 yildan beri YeIdan Belarusga avtomobil importi 4 baravar oshdi
O‘tgan yili Yevropa Ittifoqidan Belarusga avtomobil importi hajmi 2,6 milliard dollarni (2,4 milliard yevro) tashkil etdi, bu 2021 yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘p, deb yozadi Politico Germaniya hukumati nomidan Ukraina, Moldova, Kosovo, Armaniston, Gurjiston va O‘zbekiston hukumatlariga (Belarus bilan maslahatlashuv «muzlatilgan») iqtisodiy o‘zgarishlar masalalari bo‘yicha maslahat beruvchi Germaniya iqtisodiy jamoasi (The German Economic Team, GET) tashkiloti ma’lumotlariga tayanib.
Kuzatuvchilar qimmatbaho avtomobillar sohasida eng katta nisbiy o‘sishni qayd etdi. Importning umumiy o‘sishi uchdan ikki qismi – 1,4 milliard dollar (1,3 milliard yevro) uning hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu o‘sish Belarusdagi ichki avtomobil bozorining rivojlanishiga zid ekani hisobga olinsa, bu Rossiyaga keyingi eksport bilan bog‘liq, deya ta’kidlaydilar ular.
Politico bilan suhbatda ushbu voqealar rivojini sharhlar ekan, Germaniya va Fransiyaning nomi oshkor etilmagan diplomatlari o‘z mamlakatlari sanksiyalardan bo‘yin tovlashning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini, lekin birinchi navbatda Rossiyaga harbiy tovarlar yetkazib berilishiga qarshi kurashish zarur, deb hisoblashini ta’kidladi.