G‘azodagi vaziyat
G‘azoda 25 mingga yaqin Isroil hujumidan yarador bo‘lganlar va boshqa bemorlar sektordan tashqarida davolanishga muhtoj, deyiladi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘limi bayonotida.
2023 yil 7 oktyabrdan beri faqat 4895 kishi davolanish uchun G‘azodan tashqariga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Isroil armiyasi Rafah shahriga hujum uyushtirib, Misr bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktini o‘z nazoratiga olgach, birorta bemor yoki yarador sektorni tark eta olmagan. Bu esa minglab odamlarning hayotini xavf ostida qoldirmoqda, — deyiladi bayonotda.
Vazirlikka ko‘ra, Isroil G‘azodagi shifoxonalarga ataylab hujumlar uyushtirgani va ularni vayron qilganidan so‘ng, kasal va yaradorlarning ahvoli yomonlashmoqda.
Isroil agressiyaci tufayli urushning 244-kuniga kelib G‘azodagi qurbonlar soni 36 ming 654 kishiga yetgan. Yaradorlar soni kamida 83 ming 309 kishini tashkil etmoqda, deb xabar beradi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘limi.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil harbiylari 6 ta ommaviy qirg‘in tashkillashtirib, 68 kishining o‘limiga va 235 kishining yaralanishiga sababchi bo‘lishdi.
Bu orada AQSh, Germaniya, Fransiya va Britaniya davlat va hukumat rahbarlari HAMAS harakatini AQSh prezidenti Jo Bayden yaqinda e’lon qilgan G‘azo sektoridagi harbiy mojaroga barham berish rejasini qabul qilishga chaqirdi.
Yelisey saroyi tomonidan 6 iyun kuni kechqurun e’lon qilingan qo‘shma xatga ko‘ra, ular bu rejani to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Hujjatda, shuningdek, «davlat va hukumat rahbarlari Isroil xavfsizligiga sodiqliklarini» ta’kidlab, «Bayden rejasi»ni zudlik bilan amalga oshirishga chaqirishgan.
To‘rt davlat vakillari «Falastin ma’muriyati va bosh vazir Muhammad Mustafoning islohot dasturini qo‘llab-quvvatlashlarini» yana bir bor tasdiqladilar va hukumatni mintaqaviy va xalqaro qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirdilar.
Hujjatdan ko‘rinib turibdiki, imzolovchilar «Isroilning xavfsizlik ehtiyojlarini qondirish bilan birga, tegishli xalqaro yordam bilan G‘azo sektorida qonuniy Falastin boshqaruvini tiklash zaruriyatini» ko‘rmoqda.
Isroil iqtisodiyoti uchun xatar
Iqtisodchilar Isroilda «yo‘qotilgan o‘n yillik» takrorlanishidan o‘z xavotirlarini bildirishmoqda, deb yozadi Bloomberg nashri.
HAMASning 7 oktyabr kungi hujumi — Isroil g‘aflatda qolib hujumga duchor bo‘lgan, oqibatda ittifoqchilariga yordam so‘rab murojaat qilgan, siyosatchilar esa mudofaaga xarajatlarni ko‘paytirishni talab qilgan yagona hodisa emas. Xuddi shunday vaziyat 1973 yilgi «Qiyomat kuni urushi»da ham ro‘y bergan.
O‘sha mojaro natijasida Isroil harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning qariyb 30 foiziga yetkazgan va yillik 500 foiz darajasidagi inflatsiyaga duchor bo‘lgan. Mana shu davr «yo‘qotilgan o‘n yillik» deb nom olgan hamda mudofaa va rivojlanish o‘rtasidagi muvozanatni topish uzoq yillarni talab qilgan.
Bugunga kelib Isroil butunlay boshqa davlatga aylangan, biroq tarixiy parallellar baribir xavotir uyg‘otmoqda. HAMAS bilan jangga kirishishdan avval mudofaa xarajatlari rekord darajada past — yalpi ichki mahsulotning 4,5 foizi darajasida edi. Biroq, 2024 yilning o‘zida uning miqdori ikki barobarga — 9 foizgacha ortgan. Bu mamlakatdan investitsiyalar oqib chiqib ketishi va bir qancha texnologik kompaniyalar Isroilni tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ukrainaga yordam
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina fransuz qurollari bilan Rossiyaning xalqaro tan olingan hududiga zarba berishiga ruxsat berganini tasdiqladi.
Fransiya prezidenti Kiyev ruslar Ukrainaga qarata raketa uchirayotgan harbiy obektlarga zarba berishi mumkinligini ta’kidlagan. Faqat tinch aholi istiqomat qilayotgan joylarga zarba berish taqiqlangan.
«Fransiya Ukrainada tinchlik o‘rnatilishini istaydi. Ammo bu tinchlik Ukrainaning taslim bo‘lishi evaziga o‘rnatilishiga qarshi», — degan Makron.
Fransiya, shuningdek, ukrainalik harbiy uchuvchilarni tayyorlash va 5 ta Mirage 2000-5 harbiy qiruvchi uchog‘ini Ukrainaga topshirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Fransiya Ukraina qurolli kuchlarining bir brigadasini o‘qitib, tayyorlab bermoqchi.
«Vazifa — 4500 nafar ukrain askarini o‘qitish, qurol-aslahalar bilan ta’minlash, ularga o‘z tuprog‘ini himoya qilishni o‘rgatish va o‘ziga xos «fransuz brigadasi»ni tashkil qilishdan iborat», — degan Makron.
Emmanuel Makron bugun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Yelisey saroyida qabul qiladi. Bu uchrashuvda Makron «nimalar qilish» haqida «juda aniq bayonot» bilan chiqishga va’da berdi.
Zelenskiy Fransiya prezidentidan tashqari, Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari Sebasten Lekornyu bilan ham uchrashib, bir qancha kelishuvlarni imzolaydi.
AFP xabariga ko‘ra, Fransiya Ukrainaning urush paytida Rossiya tomonidan vayron qilingan infratuzilmasini tiklashga yordam berish uchun kredit va xayriya ko‘rinishida 650 mln yevro ajratmoqchi.
Rossiyaning Ukrainadagi rejalari
Rossiya Ukrainadagi anneksiya va okkupatsiya qilingan hududlardan alohida federal okrug barpo etmoqchi.
Unga anneksiya qilingan Qrim yarimoroli va Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin davomida okkupatsiya qilingan hududlar kiritilishi rejalagtirilgan.
«Yangi federal okrug tuziladi va bu ish tez fursatlarda amalga oshiriladi. Fikrimcha, unga Donetsk, Lugansk, Zaporojye, Xerson oblastlari va Qrim kiritiladi», — deya «RIA Novosti» Ukrainaning okkupatsiya qilingan Zaporijjya oblastining bir qismiga rahbar etib tayinlangan Yevgeniy Balitskiyning so‘zlarini keltirgan.
Balitskiyning so‘zlariga ko‘ra, yangi okrug «Novorossiya» deb atalishi mumkin.
2022 yilda, Rossiya tomonidan Ukrainaning Zaporijjya oblastining bir qismi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingach, Balkitskiy Rossiya bilan hamkorlik qilgan va «Zaporojye oblastining harbiy-fuqarolik ma’muriyati» rahbari etib tayinlangan edi.
2023 yilning yozida Ukraina sudi Balitskiyni noqonuniy referendum o‘tkazish va mamlakat chegaralarini o‘zgartirishni tashkillashtirishda ayblab, sirtdan 15 yil qamoq jazosiga hukm qilgan.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
Rossiya to‘lov bilan bog‘liq muammolar tufayli importining uchdan bir qismini yo‘qotdi.
Masalan, fevral oyidan buyon Xitoyga jo‘natilgan to‘lovlarning faqatgina 15 foizi eson-omon egalariga yetib borgan. Hisob-kitoblar bilan bog‘liq muammolar Rossiya importining uchdan bir qismi qisqarishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
The Moscow Times nashri Rossiyaning tashqi savdo firmalar bilan ishlovchi konsalting kompaniyalaridan o‘z mijozlari orasida transchegaraviy to‘lovlar borasida so‘rov o‘tkazib berishni iltimos qilgan. 1000 dan ortiq kompaniyalar so‘rovdan o‘tkazilgan va bir-biriga juda yaqin natijalar olingan.
Aniqlanishicha, xitoylik yetkazuvchilarga dollar yoki kam hollarda yuan o‘tkazib bergan kompaniyalarning kamida chorak qismiga may oyi oxiriga kelib to‘lagan pullari qaytib kelgan. Gap fevral oyi oxirlari — AQSh Xitoy, Turkiya, BAA va boshqa davlatlarning banklariga ikkilamchi sanksiyalar bilan tahdid qilgandan so‘ng amalga oshirilgan to‘lovlar haqida bormoqda. Importyorlarning so‘zlariga ko‘ra, pullar bir necha oy davomida Xitoy banklarida tekshirish uchun «osilib» yotgan, bankirlar tovar kodlari, yakuniy xaridor, yetkazish yo‘nalishi kabi qo‘shimcha ma’lumotlar so‘rashgan, alaloqibatda pullar baribir qaytib kelgan.
Importchilarning 40 foizi Xitoyga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazishni bas qilib, pullarni uchinchi davlatlar orqali to‘lov agentlari yoki o‘z sxemalari vositasida o‘tkazishga o‘tgan. Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin bo‘layotgan voqealarni kichik qiyinchiliklar deb atagan: Rossiya va Xitoy savdo munosabatlarida «qandaydir arzimas muammolar bor, g‘arbdagi badkirdorlarning fitnalari ham bo‘lib turibdi, biroq bularning barchasini yengib o‘tsa bo‘ladi», degan u.