​Bayden AQShning Ukrainaga yordami kechikkani uchun Zelenskiydan uzr so‘radi

Jahon 19:36 / 07.06.2024 6180

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina uchun 225 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini va’da qildi, deb xabar bermoqda NBC.

Fransiyada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida Bayden AQShning harbiy yordami kechikkani va bu Rossiya jang maydonida muvaffaqiyatga erishishiga sabab bo‘lgani uchun ilk bor uzr so‘ragan. Shuningdek, u ukrainlar prezidentini AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirgan.

«Moliyalashtirish masalasidagi tushunmovchiliklar haftasi uchun uzr so‘rayman, chunki bizda bu vositalar bo‘yicha qonun loyihasini qabul qilishda muammolar bo‘ldi, uning qabul qilinishiga to‘sqinlik qilgan ayrim o‘ta konservativ a’zolarimiz tufayli, ammo biz o‘z maqsadimizga erishdik», — degan Bayden.

Zelenskiy bunga javoban yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, yangi harbiy yordam paketidan Stinger, Javelin va TOW tizimlari, AT-4 granatomyotlari, M113 rusumli zirhli transportyorlar, M777 gaubitsalari uchun 155 mm kalibrli snaryadlar, HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari va HAWK zenit-raketa komplekslari uchun o‘q-dorilar, shuningdek minomyot tizimlari va artilleriya snaryadlari o‘rin oladi. 

Bularning barchasi AQSh harbiy omborlaridan ajratiladi.

  • AQSh kongressi 2023 yil kuzida Ukraina uchun 61 milliard dollarlik harbiy yordam ajratishni ham ko‘zda tutuvchi milliy xavfsizlik bo‘yicha qonun loyihasi bo‘yicha kelisha olmagandi. Hujjat faqat 2024 yil aprel oyiga kelib qabul qilindi. Qonun loyihasini qabul qilish kechikkani tufayli Ukraina qurolli kuchlari o‘q-dori yetishmovchiligi muammosiga uchradi, RF qurolli kuchlari esa bundan foydalanib qator yo‘nalishlarda ilgarilashga erishdi.
Ko‘proq yangiliklar: