AQSh prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlarning yadro qurolidan foydalanish shartlari bo‘yicha yangi yo‘riqnomani imzoladi. Mamlakatning yangi yadro siyosati endi yadro arsenalini ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish zarurligini aks ettiradi va uning asosiy raqobatchilari: Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreyani tiyib turishga qaratiladi.
«Bu bizning maqsadlarimizga erishish uchun zarur bo‘lgan yadroviy qurollar sonini kamaytirish uchun qurol nazorati va boshqa vositalardan foydalanishga sodiqligimizni tasdiqlaydi va Qo‘shma Shtatlar yangi Strategik qurollarni qisqartirish shartnomasi (SQQSh) cheklovlariga amal qilishda davom etishini tasdiqlaydi», dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi, yadro qurollarini tarqatmaslik masalalari bo‘yicha katta direktor Pranay Vaddi Qurollarni nazorat qilish assotsiatsiyasi yig‘ilishida.
Vaddining qo‘shimcha qilishicha, agar Rossiya ham shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarsa, Qo‘shma Shtatlar yangi SQQShga amal qilishga tayyor. U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan yangi SQQSh o‘rnini bosish bo‘yicha kelishuvni ishlab chiqa olmasligi mumkinligini aytdi.
Rossiya 2023 yilda Strategik hujum qurollarini qisqartirish va cheklash bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi shartnomadan chiqdi. Shartnoma 2026 yilgacha amal qilishi kerak edi. Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning kelishuvdan chiqishini qonuniy deb tan olmaydi va Moskva hali ham unga rioya qilishga majbur, deb hisoblaydi.
2024 yil fevral oyida Xitoy yadro quroliga ega bo‘lgan barcha davlatlarni ushbu turdagi qurollardan foydalanmaslik majburiyatini olishga chaqirdi.