Ayni paytda bu Trampga nisbatan ochilgan to‘rtta jinoyat ishidan birinchisi xolos. Shunga qaramay, sobiq prezident noyabr oyida bo‘ladigan saylovda respublikachilarning asosiy nomzodi bo‘lib qolmoqda.
Xo‘sh, agar Tramp qamalsa va prezidentlikka saylansa, nima bo‘ladi? “Geosiyosat” mavzu atrofidagi savollarni siyosiy tahlilchilar Shuhrat Rasul va Kamoliddin Rabbimov bilan tahlil qildi.
— Sobiq prezident Donald Tramp ustidan sudda qanday da’volar ko‘rilyapti?
Shuhrat Rasul: Jami 4 ta alohida jinoyat ishlari bo‘yicha ayblovlar e’lon qilingan. Ularning birinchisi bo‘yicha 11 iyulda sud qarori chiqadi. Bu ish uning AQShlik porno aktrisa bilan aloqalari va unga pul to‘lash bilan bog‘liq moliyaviy firibgarliklar bilan bog‘liq. Sud o‘z vakolati doirasida bu ishda unga ko‘pi bilan 4 yillik qamoq, jamoatchilik ishlariga jalb qilish yoki jarima qo‘llashi mumkin.
To‘rtta jinoyat ishidan asosiysi – 2021 yilda Kapitoliyga bostirib kirib, ommaviy tartibsizlik qo‘zg‘agani bilan bog‘liq.
Kamoliddin Rabbimov: Tramp ma’naviy yengiltak ayolga berilgan pullarni advokat orqali bergan va hujjatlarni soxtalashtirgan. Bu bo‘yicha 34 ta punktdan iborat ayblov bo‘lyapti.
Ikkinchi jinoyat ishiga kelsak, Tramp 2020 yildagi saylov natijalarini tan olmay, tarafdorlariga Kapitoliyga bostirib kiringlar degan ma’naviy qo‘llov bergan edi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, saylovlar shaffof va xolis bo‘lsa, jamoatchilikni noqonuniy tartibsizliklarga chaqirish katta siyosiy jinoyat hisoblanadi. Tramp prezident sifatida qasamyod qabul qilgan, shuning uchun alohida siyosiy, huquqiy toifadagi shaxs hisoblanadi, bunday shaxslarning mas’uliyati yuqoriroq bo‘ladi. Shu shaxslar noqonuniy tartibsizliklarga chorlasa, ularga alohida javobgarlik bor.
Bundan tashqari, Tramp prezidentlik davrida va undan keyin prezidentlik faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni uyiga olib ketgan va noqonuniy saqlagan.
Yana bir holatda, u saylov kampaniyasi davrida respublikachi gubernatorlarga qo‘ng‘iroq qilib, shtatda o‘z g‘alabasini ta’minlashni so‘ragan. AQShning boshqa birorta sobiq prezidentiga bu darajada ayblovlar bo‘lmagan edi.
— Asosiy jinoyat ishlaridan biri – Donald Trampning 2021 yil 6 yanvardagi Kapitoliy hujumi bilan bog‘liq sud ishiga to‘xtalsak.
Shuhrat Rasul: Bu protsess davom etyapti, navbat bilan ko‘rilyapti ishlar. Tramp shaxsi haqida ham gapirish kerak shu o‘rinda, u emotsional odam, yaqin do‘stlari – sport yulduzlari, ijtimoiy axloqi past shaxslar bo‘lgan. Mana shu emotsionalligi unga saylovda yutqazgandan keyin katta pand berdi. Trampga akademik baza yetishmaydi, masalan, Reygan aktyor bo‘lsa ham, unda akademik baza katta edi va eng hurmatli prezidentlardan biri bo‘lgan AQSh tarixida.
— Nega uning tarafdorlari ko‘p unda?
Shuhrat Rasul: Uning asosiy tarafdorlari o‘rta qatlamdan pastdagi, daromadi yuqori bo‘lmagan, ma’lumoti o‘rta, depressiv shtatlar (iqtisodiy og‘ir) aholisi hisoblanadi. Tramp – islomofob, ksenofob, shuning uchun ma’lum qatlamlar unga ovoz bermaydi, oldingi saylovda ham ayni shu fobiyalari sabab yutqazgan edi. Bu safar ham Tramp g‘alaba qiladi deb bo‘lmaydi, noyabrda ma’lum bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov: Tramp ultra o‘ng siyosatchi (millatchi, islomofob, ksenofob) sifatida “ikki qavatli Amerika” (hovlilarda yashovchi) aholisining ovozini olyapti. Ko‘p qavatli Amerika – ikki sohil va u yerdagi katta shaharlar, talabalar so‘l, liberal qatlam hisoblanadi, ular ko‘proq demokratlarga ovoz beradi. Tramp konservator rolini o‘ynaydi, u ish o‘rinlarini yo‘qotgan oq tanlilar hissiyotlariga mahorat bilan o‘ynaydi. AQShning siyosiy elitasi, respublikachilarning ham katta qismi Trampdan qanday qutulishni bilmaydi.
AQShda siyosiy o‘yin murakkab, bir tomondan demokratiya bor, xalq ovozini soxtalashtirib bo‘lmaydi. Lekin jarayonlar bor, partiyalar ichidagi praymerizlarda saylovchilarning ham, partiyadoshlar ovozi ham inobatga olinadi. Populist sifatida Tramp maydonga chiqadi va katta, murakkab narsalarni oson, primitiv tarzda yetkazib beradi jamiyatga. AQSh demokratiyasi Trampga o‘xshagan shaxslarni nima qilishni bilmaydi.
Aslida AQShning asoschilari bunday odamlar hokimiyatga kelib qolsa, ularni tiyib turish mexanizmlarini yaratgan. Tramp hokimiyatga kelganda 7 ta musulmon davlatidan AQShga odam kiritilmasin yoki qiyinlashtirilsin, degandi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, oddiy sudlar ham prezident qarorini bekor qilgandi. Oqibatda Oliy sudda konservatorlar ko‘pligi hisobiga bu qonun yumshatishlar bilan qabul qilingandi.
— Kapitoliyga bostirib kirilishi ishiga batafsilroq to‘xtalsak.
Kamoliddin Rabbimov: Kapitoliyga bostirib kirishda Tramp saylov natijalarini tan olmay, o‘sha bostirib kirgan aholini rag‘batlantirdi. Bostirib kirgan shaxslar aniqlanib, ularga hukm o‘qilgan. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, namoyish qilish bemalol mumkin, lekin noqonuniy namoyish qilish, davlat institutlariga bostirib kirish, saylov natijalarini tan olmaslik jinoyat hisoblanadi. Tramp masalasiga kelsak. Demokratik huquqiy davlatlarda sud shoshma-shosharlik bilan hukm chiqara olmaydi. Dalillar shaxslarning ehtirosi, niyati va oqibatlari darajasida o‘rganiladi, shuning uchun tomonlarning yuridik kurashi uzoq davom etadi. Qaror hali-beri chiqmaydi, deb o‘ylayman.
Shuhrat Rasul: Tramp juda sodda gaplardan foydalanadi, o‘rta qatlamdan pastdagilar uchun tushunarli gaplar. U demokratlar AQSh boyligini dunyoga sochib yuboryapti, men ularni qaytaraman, demokratlar sizni aldab kelyapti, deydi. Barcha bilan, hatto Kim Chen In bilan ham kelisha olaman, deb 4-5 yil gapirdi, lekin natija nolga teng bo‘ldi. Tramp sodda tabaqani populistik aldash mexanizmlaridan foydalanadi. Shu sabab bu kurash keskin bo‘ladi.
Baydenning eng katta kamchiligi – qarib qolgani. Unda qarichilik asoratlari ko‘rinyapti. Shunday bir paytda elektorat uchun shijoatli, impulsiv odam yaxshiroq ko‘rinadi. Argentinaning yangi prezidenti ham shu sabab bilan yutib chiqdi.
Kamoliddin Rabbimov: Tramp – prezident bo‘lguncha davlat ishida ishlamagan, harbiy xizmatga bormagan AQSh tarixidagi yagona prezident. Shuhrat aka Tramp jamoatchilikni aldaydi, deyapti, lekin Trampning dunyoqarashi shunday tor bo‘lishi mumkin. Aldash uchun kishi o‘zi bilib turib, lekin boshqa narsani aytishi kerak, lekin Tramp o‘zi aytayotgan gaplariga ishonadi, menimcha.
— Ehtimoliy jihatdan Tramp yana qayta saylansa va ayblovlar ham tasdiqlanib qamoq jazosiga hukm qilinsa, u davlatni qanday boshqaradi, axir sudlar konstitutsiyaviy manfaatlar to‘qnashuviga duch keladi-ku?
Shuhrat Rasul: AQSh konstitutsiyasida turmada o‘tirgan odam prezident bo‘lmaydi, degan taqiq yo‘q. Jinoiy ish ochilib, sud jinoyatchi deb hukm chiqarsa ham, mumkin prezident bo‘lishi. Agar qamalsa, qabullar qayerda bo‘ladi, boshqa davlat rahbarlari bilan qanday uchrashadi, degan qiziq gaplar ham bo‘lyapti. AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, prezidentga biror nima bo‘lsa, hokimiyat vitse-prezident qo‘liga o‘tadi. O‘zi Tramp qamalishiga shubham bor, katta ehtimol bilan jarima solinadi. Shunday bo‘lganda yuridik yo‘llari bor, ya’ni prezidentlik vakolatini bir kunga vitse-prezidentga berib, o‘zini afv ettirishi mumkin, vitse-prezidentda prezident singari afv etish huquqi bo‘ladi. Prezidentning o‘zi o‘zini afv etish huquqi yo‘q. O‘zi umuman, men Tramp prezident bo‘lishini 30 foiz deb baholayman.
Kamoliddin Rabbimov: AQShlik yuristlar fikricha, Trampga nisbatan qamoq jazosi qo‘llanishi ehtimoli past. Chunki AQSh qonunchiligiga ko‘ra, og‘ir va yengil jinoyatlar bor, Tramp qilgan ishlarning esa jamiyatga xavfi katta emas. Shuning uchun jarima yoki jamoat ishlariga jalb qilinishi ehtimoli katta.
Ekspertlar boshqa holatlarni ham tahlil qilyapti. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, sobiq prezident har doim maxsus xizmatlar himoyasida bo‘lishi kerak. Tramp qamalsa ham, unga beriladigan himoya qilish tartibi bekor qilinmaydi. Lekin AQSh qonunchiligiga ko‘ra, qamoqxonaga qurollangan shaxslar qo‘yilmaydi, shu sabab Tramp uchun alohida qamoqxona qurilishi kerak. Bu narsa prezidentlikka saylanmasa ham aktual bo‘ladi.
Trampga nisbatan qamoq jazosi qo‘llanishi ehtimoli kam. Shunday bo‘lganda ham, jinoiy javobgarlikka tortilgan odam prezident bo‘lmaydi, degan narsa mavjud emas qonunchilikda. Bu ishlar Tramp piari uchun yaxshi xizmat qilyapti, bu ishlarni demokratlar uyushtiryapti, aybim yo‘q, oldingi saylovda ham yengganman, deyapti u.
Uning hozirgi eng katta argumentlaridan biri: prezident bo‘lsam, Meksika bilan chegarani yopaman, ichkaridagi migrantlarni chiqarib yuboraman, hamma ish o‘rinlari amerikaliklarniki bo‘ladi, deyapti.
Shuhrat Rasul: Trampning o‘zi jarima yoki ijtimoiy ishlarga jalb qilish tanlovini qo‘yishsa, u ijtimoiy ishlarga jalb qilinishni tanlaydi. Chunki u shundan ham katta piar yasaydigan odam. Nyu-York ko‘chalarini supurib yurishi bilan hamma OAVni o‘ziga qaratadi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.