Bosh vazir: Chexiya 2025 yilda Rossiya neftidan voz kechadi

Jahon 09:10 / 05.06.2024 2467

Chexiya Rossiya neftiga qaramlikni 2025 yilning birinchi yarmi oxirigacha to‘xtatadi. Bu haqda 4 iyun, seshanba kuni Mero davlat neft kompaniyasiga tashrifi chog‘ida bosh vazir Petr Fiala ma’lum qildi

Rossiya neftidan uzoqlashish Italiyadan janubiy Germaniyagacha bo‘lgan Transalp quvur liniyasini (TAL) kengaytirish hisobiga mumkin bo‘ladi, u yerda TAL Chexiyaga olib boruvchi IKL quvuriga ulanadi. 

TAL modernizatsiyasi tugallangach, Chexiyaga kirib keladigan neft hajmi ikki barobarga oshib, sakkiz million tonnaga yetadi, dedi Fiala. «TAL quvurini kengaytirish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan, biz u 2025 yilning birinchi yarmidan kechiktirmay ishga tushishini kutmoqdamiz», dedi Chexiya bosh vaziri. 

Chexiya neftning katta qismini Rossiyadan oladi 

Chexiya neftning katta qismini haligacha Rossiya Federatsiyasidan sovet davrida qurilgan «Drujba» quvuri orqali oladi, deb xabar beradi AFP. Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini import qilishni keng miqyosda taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi, ammo «Drujba» quvurini undan chiqarib tashladi. «Biz bu istisnoni imkon qadar tezroq olib tashlaymiz», dedi Fiala. 

2023 yilda Prague Monitor portali Rossiya neftining Chexiyaga importi 2012 yildan beri rekord darajaga yetganini xabar qildi. Chexiya importida Rossiya Federatsiyasidan neftning ulushi 2023 yilning birinchi yarmida 65 foizni tashkil etdi.

Ko‘proq yangiliklar: