Belarus davlat universitetining (BDU) 500 ga yaqin xodimi 2020 yildan 2023 yilgacha Belarusda prezidentlik saylovlaridagi soxtalashtirishga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun ishdan ketishga majbur bo‘ldi. Bu haqda universitet rektori Andrey Korol «Kiberpartizany» hakerlar hamjamiyati tomonidan 3 iyun, dushanba kuni chop etilgan audioyozuvda aytgan.
Universitet rektori audioyozuvda BDU xodimlari bilan mehnat shartnomalari to‘xtatilishi «davlat manfaatlari va xavfsizligi sohasida olib borilayotgan kadrlar siyosati» bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan. Korolning so‘zlari yozilgan o‘nlab boshqa fayllarni «Kiberpartizany» 2023 yilning yozida BDU ichki tarmog‘iga kirganidan keyin qo‘lga kiritgan.
BDU rektorining besh yuzga yaqin xodimni ishdan bo‘shatish haqidagi bayonotlari hakerlar tanishgan, 2018 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan universitet xodimlari soni haqidagi ma’lumotlar bazasi bilan tasdiqlanadi. Ushbu ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, 2020 yildan 2022 yilgacha 450 dan ortiq kishi o‘z lavozimini tark etgan.
Xodimlarga bosim va ishdan bo‘shatish bugungi kungacha davom etmoqda
Xodimlarning ijtimoiy tarmoqlarini kuzatish, so‘roq qilish va siyosiy sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatishlar bugungi kungacha davom etmoqda, deyiladi surishtiruvda. Xususan, 2024 yil yanvardagi yozuvlardan birida Belarus KGB xodimi hamda BDUning xavfsizlik va kadrlar bo‘yicha prorektori Yaroslav Cherkasskiy universitet xodimiga ikkita laborantni universitetdan ishdan bo‘shatish kerakligini aytadi va hujjatlar imzolangandan so‘ng ular BDUda ko‘rinish bermasligi kerakligini ta’kidlaydi.
2023 yil avgust oyidagi yana bir audioyozuvda universitet rektorining universitet ikki xodimini so‘roq qilayotganini eshitish mumkin. So‘roq paytida Korol ulardan tushuntirish xatlari yozishni so‘raydi, bunda u xodimlarni siyosiy pozitsiyalari va ommaviy norozilik joylarida bo‘lish sabablari haqida tushuntirish xatlarini yozishga majbur qiladi.