Bayden Meksika bilan chegarada noqonuniy muhojirlarga boshpana berishni taqiqladi

Jahon 08:29 / 05.06.2024 3940

AQSh prezidenti Jo Bayden Meksika bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarga siyosiy boshpana berishni vaqtincha taqiqlovchi farmonni imzoladi, deb xabar berdi 4 iyun, seshanba kuni Oq uy matbuot xizmati.

Cheklovlar 5 iyundan kuchga kiradi, biroq AQSh-Meksika chegarasida bir hafta ichida noqonuniy qochqinlarning kunlik hibsga olinishi soni 2500 nafardan oshsagina amalga oshiriladi, deya xabar bermoqda Reuters Bayden ma’muriyatidagi manbalarga tayanib. Shu bilan birga, agar kunlik hibsga olishlar soni 1500 ga tushsa, AQShning janubiy chegarasi qayta ochilishi mumkin, bu choralar AQShda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan shaxslarni chiqarib yuborish jarayonini osonlashtirish uchun mo‘ljallangan. 

Yangi cheklovlar bojxona va chegara qo‘riqlash mobil ilovasidan foydalangan holda chegarani kesib o‘tgan shaxslarga, shuningdek, tibbiy favqulodda vaziyatlarda odam savdosi qurbonlari va kuzatuvsiz bolalarga nisbatan qo‘llanmaydi.

Noqonuniy immigratsiya - AQShda saylovoldi poyganing asosiy nuqtasi

AQShda noqonuniy muhojirlar sonining ortib borayotgani 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida sobiq prezident Donald Tramp va Oq uy amaldagi rahbari o‘rtasidagi qarama-qarshilik asosiy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Tramp Baydenni «ochiq chegara siyosati» uchun tanqid qildi va agar davlat rahbari etib saylansa, «Amerika tarixidagi eng yirik ichki deportatsiya operatsiyasini» boshlashga va’da berdi. 

Bayden prezidentligi davrida Meksika bilan chegaradan noqonuniy ravishda mamlakatga kirgan muhojirlar soni rekord darajaga yetdi. O‘tgan yili AQSh janubiy chegarasini 2,4 milliondan ortiq odam kesib o‘tgan. Ularning aksariyati zo‘ravonlik, qashshoqlik va iqlim o‘zgarishi tufayli kuchaygan keskin vaziyatdan qochib, Markaziy Amerika va Venesueladan kelgan. Jo Bayden prezidentlik poygasi oldidan chegara xavfsizligiga yondashuvini kuchaytirdi.

Ko‘proq yangiliklar: