Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Afg‘onistonga har yili o‘rtacha 500 million dollar daromad keltiradi. Bu haqda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha afg‘on eksperti Najibulla Sadid ma’lum qildi.
«Qo‘shtepa va uning barcha yordamchi kanallari qazilgach, Afg‘onistonning yillik daromadi 470-550 million dollar bo‘lishi mumkin», dedi Sadid.
Qayd qilinishicha, ushbu kanal qurilishi tugallanishi bilan Afg‘oniston bug‘doy yetishtirish bo‘yicha o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishadi, mamlakat iqtisodiyotida esa sezilarli yutuqlarga erishiladi.
Qo‘shtepa kanali 2022 yil mart oyidan buyon qurilmoqda. Afg‘oniston bug‘doy va kungaboqar yetishtirish uchun Afg‘oniston shimolidagi 555 ming gektar unumdor bo‘lmagan yerlarni sug‘orish zarurligini aytdi. Afg‘oniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi Qo‘shtepa kanalining suv olish inshooti qurilishi 50 foizga, ikkinchi bosqichda yer qazish ishlari 30 foizga yetgani haqida xabar berdi.
Kanal Balx viloyatining O‘zbekiston bilan chegaradosh Kaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyati orqali Faryob viloyatining Andxoy tumaniga o‘tadi. Uning uzunligi 285 km, kengligi 100 m bo‘ladi.
O‘zbekiston hukumati kanalning respublika qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan bir necha bor xavotir bildirgan. Mutaxassislarning fikricha, Qo‘shtepa ham Amudaryodan suv olib, Orol halokatini yanada kuchaytiradi. Qurilish tugagandan so‘ng, Qo‘shtepa Afg‘onistondagi qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun Amudaryo suv oqimining qariyb 20 foizini olishi mumkin.