Seul KXDR bilan harbiy kelishuvni to‘xtatadi

Jahon 13:45 / 04.06.2024 2866

Janubiy Koreya Shimoliy Koreya bilan harbiy kelishuvni butunlay to‘xtatyapti. «Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) 2018 yilda Koreyalararo qurol-yarog‘larni qisqartirish to‘g‘risidagi paktni Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreyaga ko‘p miqdorda chiqindi sharlarini jo‘natganiga javoban o‘zaro ishonch tiklanmaguncha to‘xtatib turishga qaror qildi», deb xabar berdi mahalliy Yonhap agentligi 3 iyun, dushanba kuni MXK yig‘ilishi yakunida e’lon qilingan Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyatining press-reliziga tayanib. Taklif mamlakat vazirlar mahkamasiga kiritildi, deya qayd etilgan.

Yig‘ilish ishtirokchilari Pxenyanning so‘nggi paytlarda amalga oshirgan provokatsiyalari Janubiy Koreya aholisiga «haqiqiy zarar yetkazdi va xavf tug‘dirdi», deb hisoblaydi. «KXDR allaqachon baland ovozda bekor qilgan 19 sentabrdagi harbiy kelishuv Koreya qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligida ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda», - deya tushuntirilgan Seul qarorida. 

2018 yil 19 sentabrdagi Koreyalararo kelishuv harbiy sohada davlatlar o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish choralarini nazarda tutadi. 2023 yilning noyabrida Seul Pxenyan razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirgani sababli ushbu kelishuvning ba’zi bandlari to‘xtatilganini e’lon qildi. 

KXDR Seulga chiqindi sharlarini uchirishni to‘xtatmoqchi 

Kecha Shimoliy Koreya janubiy qo‘shnisi tomon chegara orqali chiqindi bilan to‘ldirilgan havo sharlarini uchirishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishini, biroq Seul KXDRga «Shimoliy Koreyaga qarshi varaqalar» yuborsa, uni qaytadan boshlashini ma’lum qildi. Bungacha Janubiy Koreya KXDRga nisbatan «chidab bo‘lmas» choralar ko‘rishi haqida ogohlantirgan, biroq qanday choralar ko‘rishiga aniqlik kiritmagandi. 

28 maydan 2 iyungacha Janubiy Koreya ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan tomonidan «samimiy sovg‘alar» deb atalgan sigaretalar qoldig‘i, maishiy chiqindilar, plastik va go‘ng solingan qoplar bilan Seul tomon jami 960 ga yaqin sharlar uchirildi. Janubiy Koreya harbiylari ushbu «yuklarda» zararli moddalar topilmaganini ma’lum qildi. 

Yarimoroldagi qo‘shnilar o‘rtasida havo xabarlarini almashish 

Shimoliy Koreya rasmiylari avvalroq ularning janubiy qo‘shnisiga «samimiy sovg‘a»lari «chegara hududiga tashviqot materiallari va chiqindilarning tez-tez sochib yuborilishiga javob» ekanini ta’kidlagan edi. Shu tariqa Shimoliy Koreya janubiy koreyalik faollarning Shimoliy Koreya rahbariyatini tanqid qiluvchi varaqalar, yarimorol janubidagi demokratik jamiyat haqida ma’lumot beruvchi va shimolda taqiqlangan Janubiy Koreya pop-guruhlarining musiqiy videolari bo‘lgan USB’lar bo‘lgan sharlarni uchirayotganiga javob qaytardi. 

Janubiy Koreyaning avvalgi hukumatlari faollarning bunday kampaniyalarni o‘tkazishini to‘xtatishga urinib, ular tinchlikni targ‘ib qilmasligini va chegara yaqinidagi aholi xavfsizligiga tahdid solayotganini aytishgan. 2021 yilda havo sharlarini uchirish bo‘yicha taqiq keyinchalik Oliy sud tomonidan konstitutsiyaga zid deb topilgan, chunki bu so‘z erkinligini buzgan.

Ko‘proq yangiliklar: