Rheinmetall Litvada artilleriya snaryadlarini ishlab chiqaradi

Jahon 14:53 / 04.06.2024 3261

Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni Litvada artilleriya snaryadlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga 180 million yevro sarmoya kiritmoqda. 3 iyun, dushanba kuni Litva iqtisodiyot va innovatsiyalar vaziri Aushrine Armonayte Rheinmetall bilan 2025 yil oxiridan boshlab yiliga o‘n minglab o‘q-dorilar ishlab chiqaradigan zavod qurish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. 

Armonaytening so‘zlariga ko‘ra, bunday kelishuv tuzilishi Litvaning «mudofaa va xavfsizlik sohasida ehtiyojlarini zudlik bilan qondirish yo‘lidagi o‘ta muhim qadamdir». «Bu bizga G‘arb qurollari va o‘q-dorilaridan uzluksiz foydalanishimizga yordam beradi», dedi u. 

O‘z navbatida, Rheinmetall rahbariyati Litva rasmiylariga uzoq muddatli hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi. Avval xabar qilinganidek, Litvadagi Rheinmetall zavodi 155 millimetrli artilleriya snaryadlarini ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, kamida 150 ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. Qurilishning ehtimoliy boshlanish vaqti va joylashuvi haqida ma’lumot hali olinmagan. Litva va Rheinmetall o‘rtasida kelishuv aprel oyida imzolangan edi. 

Germaniya va Litva o‘rtasidagi mudofaa hamkorligi 

2022 yil o‘rtalaridan boshlab Litvada Rheinmetall tomonidan Krauss-Maffei Wegmann (KMW) mudofaa kompaniyasi bilan birgalikda ochilgan harbiy texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishlamoqda. Unda Germaniya tomonidan Ukrainaga berilgan Leopard 2 jangovar tanklari ta’mirlanadi. 

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga to‘liq miqyosli harbiy hujumi boshlanganidan so‘ng, NATO sharqiy qanotida kuchayib borayotgan tahdidlarga javoban Germaniya Litvada bundesver taxminan 4800 kishilik zirhli brigadasini doimiy asosda joylashtirishga qaror qildi. Dastlabki nemis harbiy xizmatchilari, shu jumladan bundesverning 10-tank diviziyasi allaqachon mamlakatga yetib kelgan. Brigada 2027 yilgacha xizmatga kirishi kutilmoqda.

45-tank brigadasi deb nomlangan bo‘linma kelasi yili to‘liq shakllantirilishi rejalashtirilgan. 150 nafar harbiy xizmatchidan iborat kichik guruh Litvada 2024 yilda xizmat qila boshlaydi. Litva Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, brigadani joylashtirish Germaniyaga 800 million yevroga tushadi. 

Ko‘proq yangiliklar: