Uppsala universitetining (UCDP) shvetsiyalik olimlari 2023 yilda dunyoda qurolli mojarolar soni rekord miqdorga – 59 taga yetganini ma’lum qildi. Bu 1946 yilda ma’lumotlar yig‘ish boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Avvalgi yuqori ko‘rsatkichlar 2020 va 2022 yilda kuzatilgan bo‘lib, har birida 56 ta mojaro bo‘lgan.
Shu bilan birga, tahlilchilarning qayd etishicha, 2022 yilga nisbatan mojarolardagi zo‘ravonliklar oqibatida halok bo‘lganlar soni (310 mingdan 154 mingga) ikki baravar kamaygan, bu asosan Efiopiyaning Tigray mintaqasida o‘ta qonli urushning tugashi bilan bog‘liq.
«Biroq biz hali ham bir qancha halokatli urushlar davom etayotganini ko‘rishimiz mumkin, masalan, o‘tgan yili deyarli 71 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan Ukrainadagi urush va Isroilning HAMASga qarshi urushi, unda 22 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan», dedi Shon Devis, UCDP tahlilchisi.
2023 yilda to‘qqizta urush (har birida mingdan ortiq odam o‘lgan) bo‘lgan. Ko‘pgina urushlar Afrikada sodir bo‘lgan, 2023 yilda boshlangan Sudandagi fuqarolar urushi Ukraina va Isroil/Falastindagi urushlardan keyin yilning uchinchi eng halokatli mojarosiga aylandi.
«2023 yilga nisbatan bor-yo‘g‘i uch yil halokatliroq bo‘ldi. 1994 yilgi Ruanda genotsididan tashqari, 2021 va 2022 yillar ham ro‘yxatga kiritildi», deb davom etdi Devis.
Ko‘pgina mojarolarda tinch aholi ham nishonga aylanmoqda. UCDP o‘tgan yili tinch aholiga nisbatan bir tomonlama zo‘ravonlik tufayli o‘limlarning umumiy sonining kamayganini qayd etgan bo‘lsa-da, minglab tinch aholi Sudan, Burkina-Faso, Isroil va Myanmadagi mojarolarda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Umuman olganda, ushbu turdagi zo‘ravonliklar oqibatida 10 mingdan ortiq tinch aholi o‘limi qayd etilgan.
Davlatga aloqador bo‘lmagan guruhlar o‘rtasidagi ziddiyatlarda (nodavlat mojarolari) qurbonlar kamaygani qayd etilgan. 2023 yilda 75 ta nodavlat nizolarda 21 mingga yaqin qurbon qayd etilgan. Aksariyat nodavlat mojarolar Lotin Amerikasida, eng qonlisi Meksika va Braziliyada sodir bo‘lmoqda. Zo‘ravonlik shaharlarda va asosiy giyohvand moddalar savdosi yo‘llari bo‘ylab yuz bermoqda.