Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod navbatdan tashqari prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi, deb yozdi AP.
Umuman olganda, saylovda ishtirok etish uchun 80 nafardan ortiq nomzoddan ariza qabul qilingan.
Ro‘yxatdan o‘tishning o‘zi saylovda qatnashish huquqini bermaydi. Avvalo, Eron Konstitutsiyasining Qo‘riqchilar kengashi saylovda ishtirok etadigan nomzodlar ro‘yxatini rasman tasdiqlashi kerak.
Ahmadinajod 2005-2013 yillarda Eron prezidenti bo‘lgan. 2017 va 2021 yilgi prezidentlik saylovida ham ro‘yxatdan o‘tgan, biroq Qo‘riqchilar kengashi tomonidan ishtirok etishga ruxsat berilmagan edi.
Yangi prezidentlik saylovi Eron Konstitutsiyasining 131-moddasiga ko‘ra, prezident vafot etgan yoki muomalaga layoqatsiz deb e’lon qilingan va uning vazifalari birinchi vitse-prezidentga o‘tganidan keyin 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerak. Hozir bu lavozimni Muhammad Muxbir egallab turibdi. Ta’kidlanishicha, u prezidentlik saylovida ishtirok etmaslikka qaror qilgan.
Tasdiqlangan saylov taqvimiga ko‘ra, nomzodlarni ro‘yxatga olish 30 maydan 3 iyunga qadar o‘tkazildi. Endi nomzodlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish 4 iyundan 10 iyunga qadar amalga oshiriladi. Nomzodlarning yakuniy ro‘yxati 11 iyun kuni e’lon qilinadi.
Saylovoldi tashviqoti ikki hafta davomida – 12 iyundan 26 iyungacha davom etadi. Saylovga bir kun qolganida «jimlik kuni» e’lon qilinadi, bu vaqtda saylovoldi tashviqoti olib borish taqiqlanadi. Prezidentlik saylovi 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi tur, agar zarurat tug‘ilsa, 5 iyul kuniga belgilanadi.