Yevropada gaz narxi eng yuqori darajaga ko‘tarildi

Jahon 22:02 / 03.06.2024 7020

Norvegiya gazni qayta ishlash zavodidagi nosozlikdan so‘ng, Yevropada gaz narxi joriy yilda eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Yuzaga kelgan vaziyat Rossiya importidan voz kechilganidan keyin Norvegiyaning ta’minotchi sifatidagi muhim rolini ko‘rsatadi. 

Financial Times nashrining yozishicha, Qit’alararo birjada Yevropa TTF etaloni narxi megavatt-soatiga 38 yevrodan oshib, 13 foizdan ko‘proqqa ko‘tarildi, bu dekabr oyi boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu Yevropada deyarli rekord darajadagi gaz zaxirasiga qaramay, bozorlardagi vaziyat qaltis ekani belgisidir. 

Norvegiya hozir Yevropaning eng yirik tabiiy gaz yetkazib beruvchisi hisoblanadi. O‘tgan yili Yevropaga yetkazilgan gazning 30 foizi Norvegiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Norvegiyada rejadan tashqari uzilishlar tez-tez keskin bozor reaksiyalarini keltirib chiqarmoqda. 

Yevropa yetarli miqdorda gaz zaxirasiga ega bo‘lishiga qaramay, narxlar baribir ko‘tarildi. 1 iyun holatiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi omborlari 70 foizdan ko‘proqqa to‘lgan, bu esa yilning ushbu davri uchun ikkinchi eng yuqori rekord ko‘rsatkichdir. Yevropa Komissiyasi noyabr oyiga qadar zaxira ko‘rsatkichini 90 foizga ko‘tarishni maqsad qilgan. 

«Narxlarning keskin o‘sishi Yevropa gaz bozorining mo‘rtligini va tobora kamayib borayotgan ta’minot manbalariga haddan tashqari qaramlik kuchayib borayotganini ko‘rsatadi», dedi Yevropa gaz tadqiqotlari bo‘yicha LSEG direktori Ueyn Brayan. 

«Zaxiralar Yevropa Ittifoqi o‘rnatgan darajaga yetgunga qadar, Yevropadagi gaz narxlari yuqori, zaif va har qanday ta’minotda uzilish yuz bergan taqdirda narxlarning o‘zgaruvchanligiga moyil bo‘lib qolaveradi», deb qo‘shimcha qildi u.

Avstriyaning OMV energetika guruhi sud qaroridan keyin Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi gaz ta’minotini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirgach, may oyi oxiridan beri gaz narxi oshib bormoqda, bu esa Yevropaga yetkazib berilayotgan Rossiya gazining qolgan qismini ham shubha ostiga qo‘ymoqda. 

«Norvegiya va «Gazprom» mijozlari atrofidagi voqealar Yevropadagi gaz narxlarining asosiy omili», dedi Tom Marsek-Manser, ICIS konsalting kompaniyasining gaz tahlili bo‘limi rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzilish Norvegiya oqimini 20 foizdan ko‘proq qisqartirishi mumkin. Shu bilan birga, Osiyo suyultirilgan tabiiy gaz (STG) zaxiralarini qisqartirmoqda, shuning uchun STG jalb qilish uchun Yevropada gaz narxi yuqori turishi zarur. 

«Qish mavsumida global ta’minotda STG yetishmasligi vaziyatni uzoq muddatda bo‘lsa ham yomonlashtiradi, Norvegiya va Rossiya quvurlari orqali ta’minot esa jiddiyroq tashvish uyg‘otmoqda», dedi Marsek-Manser. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, Ukraina Rossiya gazini Yevropaga tranzit qilishda davom etdi. Biroq ta’minot hajmi sezilarli darajada qisqardi. Energetika vaziri German Galushchenkoning aytishicha, amaldagi shartnoma muddati yakunlanganidan keyin Rossiya gazini Ukraina hududi orqali tranzitini davom ettirishning imkoni yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, tranzitning davom etishi energiya xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. 

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining energiya masalalari bo‘yicha komissari Kadri Simsonning ta’kidlashicha, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tranzit shartnomasi 2024 yil oxirida yakuniga yetganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi Rossiya gazi ta’minotini to‘satdan ehtimoliy to‘xtatilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: