Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitiga AQSh vitse-prezidenti boradi, Bayden qatnashmaydi

Jahon 22:24 / 03.06.2024 5188

15 iyun kuni Shveytsariyaning Lyutsern shahrida bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitida AQSh nomidan vitse-prezident Kamala Harris ishtirok etadi. Bu haqda Oq uy xabar berdi. 

«Vitse-prezident Oq uy ma’muriyatining Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi hamda BMT Nizomi tamoyillariga asoslangan adolatli va mustahkam tinchlikka erishish yo‘lidagi Ukraina sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ta’kidlaydi», deyiladi xabarda. 

Sammit davomida Harrisga milliy xavfsizlik bo‘yicha AQSh prezidenti maslahatchisi Jyeyk Sallivan hamrohlik qiladi.

Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralarga bag‘ishlangan sammit 15-16 iyun kunlari Shveytsariyada bo‘lib o‘tadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar uchrashuvda boshqa masalalar qatori yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, «birga bir» formulasi asosida harbiy asirlarni almashish masalalarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Sammitda 160 davlat ishtirok etadi, Rossiya unda qatnashish uchun taklifnoma olmagan.

Avvalroq, Zelenskiy prezident Baydenning sammitda ishtirok etmaslik qarorini tanqid qildi. «Menimcha, bu juda kuchli qaror emas. Bayden sammitda ishtirok etishi kerak. Bu, shuningdek, AQSh reaksiyasini kutib turgan boshqa liderlar uchun muhim. Uning qatnashmasligini faqat Putin olqishlaydi, hatto tik turib olqishlaydi», dedi u. Bloomberg nashriga ko‘ra, sammit kunlari Baydenning Kaliforniyadagi saylovoldi kampaniyasi tadbirlariga to‘g‘ri kelgani uchun ham u sammitni o‘tkazib yuboradi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitdan maqsad turli mamlakatlardan «olomonni» yig‘ish, so‘ngra qabul qilingan rezolyutsiyalarni kollektiv qaror deb e’lon qilish va Rossiyaga «ultimatum» qo‘yish ekanligini aytdi. «Voqealar rivoji bunday bo‘lmaydi», dedi u. 

Ko‘proq yangiliklar: