Xarkiv oblasti shimolida Rossiya qo‘shini uch hafta oldin ancha muvaffaqiyatli boshlagan yurish Ukraina qurolli kuchlari shoshilinch tarzda zaxira kuchlarini olib kelishi tufayli sustlashdi — va iyun oyi boshiga kelib amalda to‘xtab qoldi. Ikki yo‘nalishda harakatlangan Rossiya bo‘linmalari Lipsi hududidagi mustahkamlangan istehkomlarda hamda Vovchansk (ruscha Volchansk) shahridagi kvartallarda qotdi. Janglar davom etmoqda, ammo kun sayin pozitsion xarakterga ega bo‘lib bormoqda. Rossiya nimaga erishdi va voqealar rivoji qanday kechishi mumkin?
Rossiya mudofaa vazirligi o‘z hisobotlarida ukrainlarning Xarkiv oblastidagi mudofaasiga ichkarilashda davom etilayotganini aytmoqda, ammo Z-blogerlar ham, boshqa mustaqil manbalar ham qandaydir jiddiy hududiy yutuqlar haqida ma’lumot bermay qo‘ygan.
Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) so‘nggi hisobotlaridan birida Rossiya qo‘shini Lipsidan shimoldagi Glubokoye va Vovchanskdan g‘arbdagi Staritsi qishloqlari hududlarida biroz oldinga siljigani haqida yozgan. Ukrainaning DeepState portali yangilagan xaritasiga ko‘ra, gap yurish qiluvchi tomon bir necha kun ichida bir necha yuz metr masofani bosib o‘tgani haqida bormoqda.
«Yaqin haftalar ichida biz tomonimizdan katta miqyosdagi yutuqlarni kutish qiyin, — deb hisoblaydi rossiyalik „voyenkor“ Aleksandr Kots. — Biz raqibni Volchanskdagi daryo ortiga chekintirishda davom etyapmiz, ammo endi egallangan marralarda mustahkamlab olish va qarshi zarbalarga tayyorlanish lozim. Qarshi zarbalar bo‘lishiga esa shubha yo‘q. Raqib bu yerga katta guruh olib kelgani bejiz emas».
Rossiya shimoldan hujum qilishi bilan nimaga erishdi?
O‘z-o‘zidan ma’lumki, hozir faqat oraliq natijalar haqida gapirish mumkin.
May oyi boshidan buyon Rossiya qo‘shini Ukrainaning 280 kv. km hududini egallab oldi, shundan 200 kv. km qismi — aynan Xarkiv oblasti hududida. Bir tomondan, ko‘p emas. Boshqa tomondan, pozitsion urush sharoitida buncha hududni qaytarib olish — oson vazifa emas.
Rossiya qo‘mondonligi birinchi bosqichdagi taktik muvaffaqiyatni rivojlantirishga harakat qilmadi yoki buni uddalay olmadi, holbuki deyarli jangsiz va minimal yo‘qotishlar bilan birinchi ta’minot chizig‘i ortda qoldirilgan hamda ukrain mudofaasining asosiy chizig‘iga tahdid yuzaga keltirish imkoniyati yuzaga kelgandi.
Frontda kengligi 50 kilometrdan ortiq, ikki tomondan ham katta resurslarni talab etuvchi yangi uchastka paydo bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari xavfli uchastkaga jangovar shayligi yuqori bo‘lgan bir qancha bo‘linmalarni shu yo‘nalishga o‘tkazishga majbur bo‘ldi, bu esa kremlparast blogerlarga kuchlarni muvaffaqiyatli chalg‘itishga muvaffaq bo‘lingani haqida gapirishga imkon berdi.
Ammo kuchlari Rossiyaning bungacha Bryansk, Kursk va Belgorod oblastlarida Ukraina bilan chegarani himoya qilish uchun bazo‘r yetib turgan «Sever» guruhida ham hujumkorlik qobiliyati havodan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Uning zarbdor qismini boshqa muhim yo‘nalishlar, birinchi navbatda qo‘shni Kupyansk yo‘nalishidan tortib kelingan zaxira kuchlari tashkil etadi.
Harbiy to‘qnashuv chizig‘i kengayishi boshqa uchastkalarda qandaydir jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmadi. Bu ajablanarli emas — Ukraina qurolli kuchlari boshqa pozitsiyalarni kuchsizlantirmasdan, Xarkiv oblasti shimoliga strategik zaxiralarni olib keldi.
Rossiya Bosh shtabi rejalari qanday bo‘lishi mumkin?
Bu boradagi taxminlar turlicha. Ko‘pchilik Rossiyaning chegara hududlarini zarbalardan himoya qilishga qaratilgan «sanitar» (yoki bufer) zona yaratish haqida gapirgan.
Ammo Belgorod o‘qqa tutilishi to‘xtamayapti, garchi Rossiya amaliyoti boshlanishidan oldingi darajada bo‘lmasa-da, chegaradagi aholi yashash punktlari o‘qqa tutilishi esa kuchaytirilgan — bu mojaro keskinlashgan vaziyatlar uchun mantiqiy holat. Bufer zona tashkil etish uchun Rossiya qo‘shinining ilgarilashi yetarli bo‘lmagani ko‘rinib turibdi, raqib mudofaasi ichkarisiga kirib borishda ham, keng front bo‘ylab harakatlanishda ham.
Rossiya armiyasi yangi yo‘nalishda hujumga o‘tishidan maqsad Ukraina qurolli kuchlarini yoyib yuborish ekani haqidagi fikrlar ham bor. Bu qisman to‘g‘ri, ammo shunday savol tug‘iladi: kimning kuchlari ko‘proq yoyildi.
«Ukraina Volchansk atrofida katta guruh to‘pladi — 14 ta brigadadan. Ulardan ko‘pchiligi faqat alohida batalyonlarni yuborgan bo‘lsa-da, yig‘ilgan kuchlar ulkan — 20 minggacha askar va ofitserlar olib kelingan. Bu bugungi kunda yurishda ishtirok etayotgan kuchlarimizdan bir yarim baravar ko‘proq», — deydi Z-bloger «Ramzay».
Ammo Rossiyaning Belgorod atrofida to‘plagan guruhi ham kam emas — ochiq manbalarga ko‘ra, 35 ming kishilik qo‘shin.
Rossiyaliklar Belgorod atrofiga Kursk oblasti tomondan shaxsiy tarkibni ham, texnikalarni ham olib kelgan, degan Ukraina qurolli kuchlari «Sever» operativ qo‘mondonligi spikeri Vadim Misnik. «Bizning ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik askarlar miqdori kamaydi», — degan u.
Bugungi kun harbiy mojarolarining asosiy xususiyatlaridan biri — urush tumani yo‘qligidir. Zamonaviy razvedka vositalari evaziga ikki tomon ham bir-birining harakatlari va qo‘shinlari sonidan yaxshi xabardor bo‘lib turadi.
Vaziyat keskin yomonlashgan taqdirda qo‘mondonlik xavfli uchastkaga nisbatan jangovar zaxiralarni tashlashi mumkin. Ammo ma’lumki, bunday «o‘t o‘chirish jamoalari» miqdori ko‘p bo‘lmaydi va to‘qnashuv chizig‘ida vaziyat barqarorlashgach, «elita» qismlar oddiyrog‘iga almashtirilishi mumkin.
Ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovetsning hisoblashicha, Rossiya qo‘mondonligining Xarkiv oblastidagi maqsadlari kattaroq bo‘lgan. Uning versiyasiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Lipsi yo‘nalishida, balki Sumi oblastida ham chalg‘ituvchi zarbalar yo‘llab, tezda Volchya daryosini kechib o‘tishni, Vovchanskni o‘rab olish va egallashni, shundan keyin janubi-sharq tomon tezlik bilan ilgarilashni — chegaradan jami 80 km masofaga kirib kelishni rejalashtirgandi.
«Rossiyaning „Xarkivga“ yurishining haqiqiy maqsadi, aftidan, Xarkivning o‘ziga zarba berishda davom etish emas, balki bizning Kupyansk guruhimiz ortidan chiqish bo‘lgan. Yoki tushunarliroq aytadigan bo‘lsak — Xarkiv oblastining Siverskiy Donets suv ombori kaskadidan sharqda joylashgan barcha qismi», — deya yozadi Mashovets.
Uning fikricha, Xarkiv operatsion yo‘nalishidagi amaliyot hali davom ettirilmoqda va Rossiya qo‘mondonligi uni davom ettirishdan to‘la voz kechish haqida sira o‘ylamayapti.
Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujum amaliyotini o‘tkaza oladimi?
Ukraina qo‘mondonligi Xarkiv yo‘nalishiga tortib kelgan qo‘shin miqdori hisobga olinsa, buning uchun imkoniyat bor. Qolaversa, Rossiyaning ilg‘or bo‘linmalarida egallangan pozitsiyalarda mustahkam o‘rnashib olish uchun yetarli vaqt bo‘lmadi.
Agar harb ilmiga rioya etilsa, yurishni harbiy harakatlar hududini ihotalashdan boshlash lozim — qanotlardan zarbalar yo‘llash, raqibning oldingi chiziqdagi qismlariga ta’minot yetkazib berishda foydalanadigan yo‘llarini kesib qo‘yish yoki olov nazorati ostiga olish, front ortidagi infratuzilmalarga hujum qilish.
Ammo xaritaga bir qarashdayoq Rossiya qo‘shini kirgan ikki hudud ham chegara chizig‘ida joylashgani, rus armiyasining asosiy o‘t ochish vositalari, ta’minot bazalari va boshqa muhim harbiy obektlari Belgorod oblastida joylashgani ko‘zga tashlanadi. Shu bois, javob amaliyoti barcha qoidalar bo‘yicha o‘tkazilsa, Rossiya hududlarini egallash yoki kamida bu hududlar bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llash talab etiladi.
Shu bilan birga, Rossiyaning «Sever» guruhi Belgorod oblasti tomondan yurish qilish uchun o‘z bo‘linmalarining faqat bir qismini tashlagan, unda mudofaa amaliyoti uchun yetarli kuch va vositalar mavjud. Rossiya armiyasi hamon aviatsiya va artilleriyada sezilarli ustunlikka ega.
Kiyevga qurol yetkazib berayotgan g‘arbning ko‘plab mamlakatlari esa yaqin-yaqingacha Rossiya hududlari bo‘ylab ularning qurollaridan zarbalar berilishiga qat’iyan qarshi edi.
Voqealar qanday rivojlanishi mumkin?
Ma’lum ma’noda Xarkiv oblastidagi vaziyat va Dniproning chap sohilidagi Krinki atrofidagi vaziyat o‘rtasida parallel o‘tkazish mumkin, u yerda Rossiyaning «Dnepr» guruhi ko‘p oylardan buyon ukrainlarning kam sonli desantini daryo ortiga surib tashlay olmayapti.
Gap shundaki, ukrainlarning chap sohildagi kichik bo‘linmasi tuzoq vazifasini o‘taydi, ularga yaqinlashgan rus bo‘linmalari narigi sohilda joylashtirilgan artilleriyadan va osmondan uchib keluvchi dronlar bilan o‘qqa tutiladi. Dniproni kechib o‘tish va Ukraina qurolli kuchlarining o‘t ochish vositalarini yakson etish imkoni yo‘q, ammo desantni e’tiborsiz qoldirib ham bo‘lmaydi, yo‘qsa ular yangidan yangi hududlarni egallab, muammoli zonani kengaytirishi mumkin.
Shuningdek, chap sohilda Ukraina qurolli kuchlarining boshqa kichik bo‘linmalari tashlanishi mumkin bo‘lgan boshqa uchastkalarni doimiy nazorat ostida ushlab turish lozim.
Ukraina shimolida ham shunga o‘xshash vaziyat yuzaga kelmoqda, ammo bu yerda suvayirg‘ich vazifasini Rossiya bilan davlat chegarasi o‘taydi, tashabbus esa Rossiya armiyasi tomonida. U chegara hududidagi boshqa uchastkalarda ham platsdarmlar tashkil etishga urinib ko‘rishini istisno etib bo‘lmaydi.
Rossiyaning «Dnepr» qo‘shinlar guruhi ukrainlarning platsdarmlari muammosini desantchilar egallagan hududlarni yoppasiga o‘qqa tutish, ta’minot yo‘llarida ov uyushtirish va muntazam reydlar bilan hal qilishga urinmoqda — bu ba’zida samarali chiqmoqda, ammo umuman olganda muvaffaqiyatga erishilmayapti.
Katta ehtimol bilan, endi Ukraina qurolli kuchlari ham shimoliy chegarada shunga o‘xshash vazifani hal qilishiga to‘g‘ri keladi. Ular g‘arb yetkazib bergan qurollarni Xarkiv oblastiga bostirib kirgan Rossiya qismlariga qarshi qo‘llashi va bu hududda yo‘llar ko‘p emasligi inobatga olinsa, Rossiya logistikasini izdan chiqarishga harakat qilishi mumkin. Qolaversa, so‘nggi kunlarda Vashington o‘zi yetkazib bergan qurollarni Belgorod oblastidagi harbiy nishonlarga qarshi ham qo‘llashga ruxsat bergani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.
Ammo shuni hisobga olish kerakki, tabiiy suv to‘sig‘i — Dnipro daryosi — va davlat chegara chizig‘i o‘rtasida o‘tkazilgan parallel o‘ta shartlidir, shu tufayli boshqa variantlar bo‘lishi hamda tomonlarning istalgan biri vaziyatni keskinlashtirishga qo‘l urishi mumkin.