O‘zbekistonda prezident va tadbirkorlar o‘rtasida ochiq muloqotni tashkil etish bo‘yicha Respublika komissiyasi hamda hududlardagi tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha ekspert ishchi guruhlari tuziladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 30 maydagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Prezident 2021 yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatidagi ilk uchrashuvini o‘tkazdi. O‘shanda tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol va takliflar kelib tushdi. Ular yetti yo‘nalish bo‘yicha tizimlashtirildi, shundan so‘ng ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha prezidentning qator qarorlari qabul qilindi. O‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev bunday tadbirni har yili o‘tkazish va 20 avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif etgan edi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Jamshid Xo‘jayev (hamraislar) boshchiligidagi yangi komissiya har yili 15 iyundan avgust oyining ikkinchi yarmigacha bo‘lgan muloqotga qadar tadbirkorlardan takliflarni tun-u kun qabul qilishni tashkil etishi shart. Shuningdek, u tizimli muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, uning vazifalariga mahalliy tadbirkorlar muammolarini tezkorlik bilan hal etish kiradi.
Savdo-sanoat palatasiga murojaatlarni qabul qilish va muloqot natijalari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar ni e’lon qilish uchun «Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot» elektron platformasini ishga tushirish topshirildi.
Komissiya har yili prezident va biznes vakillari o‘rtasidagi muloqot joyini aniqlab beradi. Joriy yilda Qoraqalpog‘iston uning o‘rni etib belgilandi. Bungacha barcha uchrashuvlar Toshkentda bo‘lib o‘tgan.
Xorijiy sarmoyadorlar ishtirok etishi kerak bo‘lgan xalqaro biznes-forum ham muloqot vaqtiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, yil oxirigacha O‘zbekistonning xorijdagi elchilari ishtirokida «Qoraqalpog‘istonda biznes yuriting» dasturi doirasida yirik kompaniyalar brendlarini jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.