"Dunyo" xabariga ko‘ra, unda Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlarida yashovchi faollar, shuningdek, rasmiylar va ekspertlar ishtirok etdi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan amalga oshirilayotgan "Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlarida hamkorlik orqali umumiy farovonlik" loyihasini 2022 yil iyun oyida boshlangan edi.
Loyiha BMT bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilib, u Farg‘ona vodiysi orqali o‘tuvchi chegaraning har ikki tomonida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan. Dastur qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlarida ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
U Qirg‘izistonning Jalolobod va O‘sh viloyatlari, shuningdek, O‘zbekistonning Namangan va Andijon viloyatlaridagi bir qator qishloqlarni qamrab oldi.
Loyihaning ikki mamlakatda erishilgan asosiy yutuqlaridan biri 700 dan ortiq kishini birlashtirgan 66 ta o‘z-o‘ziga yordam guruhlarining tashkil etilgani bo‘ldi. Ushbu guruhlar ishtirokchilarining 90 foizi ayollardan iboratdir.