May oyida elektr va gazdan foydalanishdagi qoidabuzarliklar bo‘yicha salkam 500 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi

O‘zbekiston 15:54 / 03.06.2024 4659

May oyida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 489 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” xabar bermoqda.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 312 ta holatda elektr energiyasi, 177 ta holatda tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Shuningdek, 3 iyun kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament Jizzaxda elektr energiyasi o‘g‘rilash bilan bog‘liq navbatdagi holat aniqlanganini ma’lum qildi.

Departamentning Zomin tuman bo‘limi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, “K.” hamda “S.N.” fermer xo‘jaliklari mas’ul shaxslari va boshqalar tegishli yer maydonlariga o‘rnatilgan transformator va elektron hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir o‘tkazib, tijorat maqsadida jami 207,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Bu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: